O‘zA O`zbek

02.08.2019 21:49 Chop etish versiyasi

Joriy yil sport obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun qancha mablagʻ ajratilgan?

Joriy yil sport obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun qancha mablagʻ ajratilgan?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 31-iyuldagi farmoyishi bilan 2019-yilda jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha manzilli dasturi tasdiqlangan edi.

Unga koʻra joriy yil 51ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Ularning 25tasi yangi sport inshooti sifatida qad koʻtarsa, 21ta mavjud sport majmuasida rekonstruksiya hamda 5ta majmuada kapital taʼmirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda www.minsport.uz sayti xabar qiladi.

Mazkur dastur Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hududlarga qilgan tashrifi davomida sport inshootlarini xalqaro tajribadan foydalangan holda va mamlakatimiz tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bunyod etish boʻyicha bergan koʻrsatmalari asosida shakllantirildi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan energiya tejamkor, yengil konstruksiyali, sendvich panelli kichik sport zallari qurish vazifasi topshirilgan edi.

Joriy yilda ilk marotaba Jizzax (Forish tumani), Samarqand (Nurobod tumani), Toshkent (Boʻka, Toshkent) viloyatlari hamda poytaxtimizning Uchtepa, Mirzo Ulugʻbek tumanlarida yengil konstruksiyali sendvich pannellari asosida yangi sport inshootlari quriladi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq, Namangan viloyatining Chortoq tumanlarida yangi yopiq turdagi suzish havzalari bunyod etilishi rejalashtirilgan. Navoiy viloyatining Xatirchi, Toshkent viloyatining Boʻka tumanlari, Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi basseynlar kapital taʼmirlanadi.

Yaqinda 2020-2024-yillarda respublikada bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, umumtaʼlim maktablarida sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida hukumat qarori ham tasdiqlandi. Unga koʻra, 2020-2022-yillarda respublikamiz boʻyicha:

- bolalar va oʻsmirlar sport maktablarida jami 178 ta (2020-yilda 46 ta, 2021-yilda 52 ta, 2022-yilda 80 ta) sport obyekti quriladi, rekonstruksiya qilinadi va kapital taʼmirdan chiqariladi. Buning uchun 1 148 700 million soʻm mablagʻ ajratiladi;

- umumtaʼlim maktablarida jami 52 ta yangi sport zali qurilib, yana 89 ta mavjud sport zali rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, qaror bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Qurilish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-oktyabrga qadar xalqaro tajriba va mamlakatning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olib turli sport oʻyinlariga moslashuvchan (transformer), ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanib, ilgʻor texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qoʻllagan holda bolalar va oʻsmirlar sport maktablari namunaviy loyihalarini qayta koʻrib chiqish va joriy etish vazifasi ham yuklatilgan.

OʻzA
2 916