O‘zA O`zbek

08.05.2020 Chop etish versiyasi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga qariyb 600 million soʻm saxovat koʻrsatdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga qariyb 600 million soʻm saxovat koʻrsatdi

COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarimizni ruhan qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi tashkil etilganidan xabaringiz bor. Bugungi sinovli kunlarda yurtdoshlarimiz koronavirus pandemiyasidan jabr chekkan aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida saxovat koʻrsatishmoqda.

Xayrli ishdan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar ham chetda qolayotgani yoʻq. Mamlakatimiz sport jamoatchiligi ham xalqimiz boshiga musibat tushgan shu kunlarda ular bilan bir tanu bir jon ekanligini namoyish etishmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan “Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga jami 599 120 115 (besh yuz toʻqson toʻqqiz million bir yuz yigirma ming bir yuz oʻn besh) soʻm miqdoridagi mablagʻ xayriya tarzida oʻtkazib berildi.

Saxovatli sportchi va trenerlarimiz ham mazkur aksiyada faol ishtirok etishmoqda. Bunga Mirjalol Qosimov, Odil Ahmedov, Otabek Shukurov va boshqa koʻplab sport sohasi vakillarining koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan aholini qoʻllab-quvvatlash yoʻlida koʻrsatayotgan begʻaraz yordamlarini misol keltirish mumkin.

Albatta, davlatimiz gʻamxoʻrligi natijasida hech kim hech narsaga muhtojlik sezgani yoʻq, bunday boʻlmaydi ham. Zero, bagʻrikeng xalqimiz sinovli kunlarda hech qachon bir-birini yolgʻizlatib qoʻymaydi. Bu kabi aksiyalar sinovli damlarda xalqimizni yana-da jipslashtirib, ular oʻrtasida hamjihatlikni kuchaytiradi, har qanday vaziyatda ham har bir inson davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmasligini amalda isbotlaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

7 587
OʻzA