O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

JCh SARALASh: Ertaga O‘zbekiston va Yaman milliy terma jamoalari maydonga tushishadi


Xabaringiz bor, mamlakat milliy terma jamoamiz 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash o‘yinlarining “D” guruhida Saudia Arabistoni, Falastin, Yaman va Singapur milliy termalariga qarshi bahslarga kirishgan. Termamizning sobiqqa aylangan Ektor Kuper rahbarligida saralashning dastlabki o‘yinini safarda Falastin termasiga qarshi o‘tkazgan futbolchilarimiz kutilmaganda qit’aning eng kuchsiz termalaridan biriga mag‘lubiyatga uchragan holda va ikkinchi turda dam olgan tarzda ayni paytda guruhda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Bosh jamoamizga tajribali mutaxassis Vadim Abramov bosh murabbiy etib tayinlangach, 2 oktabrdan Toshkentda navbatdagi o‘yinga tayyorgarlikni boshlagan edi.

JAR stadionida tashkil etilgan yig‘inda Vadim Abramov ro‘yxatiga ko‘ra 28 nafar futbolchi kuniga mashg‘ulotlar olib bordi. Bosh murabbiyning ushbu yig‘inga chaqirgan kengaytirilgan tarkibi quyidagicha edi:

Darvozabonlar - Sanjar Quvvatov (“Paxtakor”), Eldor Suyunov (“Paxtakor”), Abdumavlon Abdujalilov (“Bunyodkor”).

Himoyachilar - Yegor Krimes (“Paxtakor”), Rustam Ashurmatov (“Gvangju”, Janubiy Koreya), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Islom To‘xtaxo‘jaev (“Lokomotiv”), Sharof Muhitdinov (“Nasaf”), Farrux Sayfiev (“Paxtakor”), Dilshodbek Ahmadaliev (“Bunyodkor”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Akbar Ismatullaev (“Metallurg“).

Yarim himoyachilar - Odiljon Hamrobekov (“Paxtakor”), Odil Ahmedov (“Shanxay SIPG”, Xitoy), Ikrom Aliboev (“Seul FK”, Janubiy Koreya), Aziz G‘aniev (“Nasaf”), Oston O‘runov (“Lokomotiv”), Jaloliddin Masharipov (“Paxtakor”), Lutfulla To‘raev (“Bunyodkor“), Sardor Mirzaev (“Lokomotiv”), Otabek Shukurov (“Sharja”, BAA), Dostonbek Hamdamov (“Paxtakor”), Xurshid G‘iyosov (“Bunyodkor“), Jamshid Iskanderov (“Lokomotiv“), Jasur Yaxshiboev (AGMK).

Hujumchilar – Eldor Shomurodov (“Rostov” Rossiya), Igor Sergeev (“Paxtakor”), Temurxo‘ja Abduxoliqov (“Xorfakkan“, BAA).

Mashg‘ulotlarning beshinchi kuniga kelib Vadim Abramov terma jamoaning yakuniy ro‘yxatidan tushib qoladigan futbolchilarni aniqlab oldi.

Unga ko‘ra, Superligada tayanch nuqtasida eng barqaror va kuchli o‘ynayotgan Odil Hamrobekov, hujumkor yarim himoyachi Oston O‘runov, o‘ng qanot himoyachisi Dilshod Ahmadaliev hamda hujumkor Jasur Yaxshiboev yakuniy ro‘yxatdan tushib qoldi. Shuningdek, kechagi mashg‘ulotda Lutfulla To‘raev ham mashg‘ulotlarda ko‘rinmadi, aftidan, bosh murabbiy unga ham javob bergan.

O‘zbekiston - Yaman uchrashuvini suriyalik 30 yoshli hakam Hanna Hattab boshqarib boradi. Unga qanotlarda hamyurti Muhammad Kazzaz hamda iordaniyalik Ayman Fayzal Hamze Obeidat yordam beradi. Zaxira hakami quvaytlik Ahmad Alali. Uchrashuv nazoratchisi Jassim Muhammad Al Hail (Qatar), komissari esa Mei Chiat Si (Malayziya).

O‘zbekiston terma jamoasi oq rangdagi formada maydonga chiqadi, yamanliklar esa qizil rangdagi sport liboslarida harakat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralash bosqichi doirasida 15 oktabr kuni safarda Singapur bilan kuch sinashadi.

389
Oybek Yunusov, O‘zA