O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Jajji gimnastradachilar Toshkentda bahslashmoqda

Jajji gimnastradachilar Toshkentda bahslashmoqda

Poytaxtimizdagi Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil topganligining 2 yilligi munosabati bilan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Biz siz bilan birgalikda o‘samiz va rivojlanamiz!“ shiori ostida “Gimnastrada” sport festivali boshlandi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Gimnastika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi va bir qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan musobaqada Toshkent shahrining 23 jamoasi o‘zaro bahslashmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova, maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin so‘zga chiqib, Prezidentimizning har bir davlatning kuch va qudratini belgilovchi asosiy omil – bu jismonan sog‘lom va har tomonlama rivojlangan avloddir, deya ta’kidlagan gaplari yosh avlod salomatligini mustahkamlash, ularni sportga oshno qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘layotganini alohida qayd etdi.

Jumladan, mamlakatimizda gimnastradaning barcha asosiy turlari – erkaklar va ayollar sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatikani ommalashtirishga doir izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 2019 yilning o‘tgan 8 oyida 68 nafar hamyurtimiz Osiyo va jahon chempionatlari hamda xalqaro turnirlarda gimnastika sport turlari bo‘yicha jami 36 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Bu yil ilk bora joriy yilning 10-17 oktabr kunlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Maktabgacha ta’lim vazirligi tashabbusi asosida bolalar o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlash, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib etish, hamda ularda Vatanga muhabbat va o‘z mamlakati bilan faxrlanish hissini uyg‘otish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil topganligining 2 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Gimnastrada” sport festivali tashkil etildi.

Gimnastika bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilayotgan “Gimnastrada” sport festivalida poytaxtimizdan 23 jamoaga jamlangan 345 nafar 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bola ishtirok etmoqda.

993
J.TOShXO‘JAEV, Otabek MIRSOATOV (surat), OʻzA