O‘zA O`zbek

04.10.2019 Chop etish versiyasi

Jahon chempioniga yangi xonadon sovg‘a qilindi

Jahon chempioniga yangi xonadon sovg‘a qilindi

Boks bo‘yicha jahon chempioni Mirazizbek Mirzaxalilovga viloyat hokimligi tomonidan Farg‘ona shahar markazidan yangi xonadon sovg‘a qilindi.

Mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar va yaratilayotgan sharoitlar tufayli sportchilarimiz tomonidan ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Xususan, joriy yilning 6-22 sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlari o‘rtasida boks bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida milliy terma jamoamiz birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani muhim voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi safidan Farg‘ona viloyatining Quva tumanida tavallud topgan Mirazizbek Mirzaxalilovning ham joy olgani bugun barcha farg‘onaliklarni behad quvontirdi. Chempionatning 57 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Mirazizbek Mirzaxalilov final uchrashuvida uch karra jahon chempioni va Olimpiada o‘yinlari sovrindori kubalik raqibini mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 sentabrdagi farmoni bilan Mirazizbek Mirzaxalilov ham “O‘zbekiston iftixori” unvoni bilan taqdirlandi.

Jahon chempioniga Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan yangi bunyod etilgan ko‘p qavatli uydan barcha sharoitlarga ega xonadonning kaliti topshirildi. 

–Xalqning olqishida, Prezidentimizning e’tirofida bo‘lish juda katta baxt ekan, – deydi M. Mirzaxalilov. – Yangi xonadon berilishini hech kutmagandim. Yangi uyda zamonaviy mebel jihozlaridan boshlab, telivizor, xolodilnik, qo‘yingki, hamma narsa bor. Albatta biz sportchilarga bildirilayotgan ishonch hamda ko‘rsatilayotgan e’tibor yanada kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Niyatimiz – O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida doimo baland ko‘tarishdir.

474
M. SULAYMONOV, M. QODIROV, O‘zA