O‘zA O`zbek

02.08.2019 Chop etish versiyasi

Istomin, Zabelinskaya, Ibragimov hamda ularning murabbiylari taqdirlanishdi

Istomin, Zabelinskaya, Ibragimov hamda ularning murabbiylari taqdirlanishdi

Barcha intiqlik bilan kutayotgan Tokio-2020 yozgi olimpiadasi boshlanishiga ham bir yildan kamroq vaqt qoldi. Shu kunlarda butun dunyo atletlari toʻrt yillikning nufuzli musobaqasiga astoydil hozirlik koʻrishmoqda. Jumladan, mamlakatimiz sportchilari ham.

Quvonarlisi, ayni paytgacha Oʻzbekiston terma jamoasining uch nafar aʼzosi Yaponiya mezbonlik qiladigan musobaqaga yoʻllanmani qoʻlga kiritib ulgurishgan. Bular – tennischi Denis Istomin, velosportchi Olga Zabelinskaya hamda Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasiga ega chiqqan merganimiz Server Ibragimov (oʻq otish)dir.

Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Tokio-2020 litsenziyalari sohiblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov hamda sport jamoatchiligi ishtirok etdi. Tadbirda sportchilarimizning har biri 100 (yuz) million soʻm, ularning murabbiylari esa 50 (ellik) million soʻm miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Mukofotlar oʻzbek sporti faxriylaridan Komiljon Xudoyberganov hamda Vasiliy Korbut tomonidan taqdim qilindi.

Ayni paytda Olga Zabelinskaya hamda Server Ibragimov oldindagi musobaqalarga qizgʻin tayyorgarlik koʻrayotgani uchun bugungi tadbirda ishtirok etishmadi. Ularga mukofot pullari federatsiya rasmiylari orqali yetkaziladi. Hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor Olimpiada litsenziyasi uchun kurash olib borayotgan qolgan atletlarimizga ham qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi, degan umiddamiz.

3 368
OʻzA