O‘zA O`zbek

13.03.2020 Chop etish versiyasi

II Toshkent xalqaro marafonida xorijliklar ishtirok etmaydi

II Toshkent xalqaro marafonida xorijliklar ishtirok etmaydi

Toshkentda 22-mart kuni Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan II Toshkent xalqaro marafon oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu marafonida 30 dan ortiq davlatdan ishtirokchilar kelishi kutilayotgan edi. Biroq butun dunyoga xavf solayotgan koronavirus sababli mazkur marafonda boshqa davlatlardan ishtirok etmoqchi boʻlganlarni roʻyxatga olish toʻxtatilgan. Bu haqda www.uzmarathon.uz veb-saytida maʼlum qilingan.

Jumladan, xabarda shunday deyiladi: “II Toshkent xalqaro marafonining tashkiliy qoʻmitasi shuni maʼlum qiladiki, dunyoda COVID-19 koronavirusining keng miqyosda aniqlanishi va uning tarqalishi bois, uning Oʻzbekistonda tarqalishini oldini olish maqsadida biz chet ellik ishtirokchilarni taklif qilmasdan marafon oʻtkazishga qaror qildik. Bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlarida virusni iloji boricha aholi orasida tarqalishining oldini olishga harakat qilinmoqda. Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, II Toshkent xalqaro marafonining tashkiliy qoʻmitasi marafon boshlanishidan 14 kundan kam fursat qolgan hollarda chet eldan tashrif buyuruvchilarni marafonda ishtirok etmasliklariga qaror qildi.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 9-mart sanasidan boshlab biz Oʻzbekiston hududida boʻlmagan barcha xorijiy qatnashuvchilardan marafonning info@uzmarathon.uz rasmiy manzili orqali yuboriladigan xatlarga javob berishingizni soʻraymiz. Shuningdek, ishtirokchi badali (toʻlov) toʻliq hajmda qaytarilishi haqida xabar beramiz. Bizni toʻgʻri tushundingiz deb umid qilamiz.”

Bu xabarni Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi matbuot xizmati tasdiqladi.

6 267
Xurshid QODIROV, OʻzA