Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 17:43 Chop etish versiyasi

Harbiy sportchilar yurtimizni sharaflamoqda

Milliy matbuot markazida "Harbiy sportchilarning O‘zbekiston va jahon sport musobaqalaridagi yutuqlari" mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida harbiy sportchilarimiz ham jahon maydonlarida yuksak natijalarga erishayotgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, 2017-yilgi sport mavsumida Markaziy harbiy sport klubi (MHSK) vakillari mamlakatimiz o‘smirlar, yoshlar hamda milliy terma jamoalari tarkibida nufuzli xalqaro musobaqalarda qariyb 70 ta medal, mamlakatimiz miqyosidagi musobaqalarda 420 ta medalni qo‘lga kiritdi.

Markaziy harbiy sport klubida 17 sport turi bo‘yicha tashkil etilgan seksiyalarda shug‘ullanayotganlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

MHSKning mamlakatimiz terma jamoalariga yuqori toifali sportchilarni tayyorlashda ham alohida o‘rni bor. Klub sportchilarining 8 nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, 46 nafari xalqaro toifadagi sport ustasidir.

2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham MHSK vakillari mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. Jumladan, tajribali bokschilarimiz Bektemir Meliqo‘ziyev kumush, Murodjon Ahmadaliyev bronza medalga sazovor bo‘ldi. Rishod Sobirov dzyudo bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, o‘tgan yilgi XV Paralimpiya o‘yinlarining dzyudo bahslarida Odiljon Tulendibayev oltin, Shuhrat Boboyev hamda Feruz Sayidov bronza medalni qo‘lga kiritdi.

– Har safar nufuzli musobaqalarda davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganida O‘zbekiston farzandi ekanimizdan dilimizda cheksiz faxr tuyamiz, – deydi Bektemir Meliqo‘ziyev. – Davlatimiz bayrog‘ini doimo baland tutish bizning ham sportchi, ham Vatan himoyachisi sifatidagi muqaddas burchimizdir. Bu tuyg‘u bizga ulkan g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, yangidan-yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
943






Все о погоде - Pogoda.uz