O‘zA O`zbek

15.09.2018 Chop etish versiyasi

Hamyurtimiz jahonning eng kuchli 24 nafar gimnastikachilari orasida

Hamyurtimiz jahonning eng kuchli 24 nafar gimnastikachilari orasida

10-sentabr kuni Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida start olgan badiiy gimnastika boʻyicha XXXVI jahon chempionati tobora shiddatli tus olmoqda. Mazkur musobaqada sayyoramizning 58 mamlakatidan yigʻilgan eng sara gimnastikachilar gʻoliblik uchun bahs olib borishyapti. Yakkalik dasturda vatanimiz sharafini terma jamoamiz aʼzolaridan Sabina Toshkenboyeva, Nurinisso Usmonova hamda Dildora Rahmatovalar himoya qilishdi.

Kecha yakunlangan yakkalik bahslarida hamyurtimiz Sabina Toshkenboyeva eng yaxshi natija qayd etdi. Uning halqa yordamida bajargan mashqi hakamlar tomonidan 17,000 ballga loyiq koʻrilgan boʻlsa, toʻp bilan ishlashda 17,400 natija koʻrsatdi. Sabinaning bulavadagi chiqishini hakamlar 17,150 ballga baholashdi. Hamyurtimiz yakkalik bahslardagi eng past koʻrsatkichni lenta yordamidagi mashqlarda qayd etdi – 16,250 ball.

Umumiy hisobda 67,800 ball toʻplagan Toshkenboyeva jahonning eng kuchli 24 nafar gimnastikachilari orasida 16-oʻrinni egalladi.

Oldinda esa qizlarimizni jamoaviy bahslar kutib turibdi. Taʼkidlash kerak, ushbu jahon chempionatida jamoaviy koʻpkurash boʻyicha “Tokio-2020“ Olimpiya oʻyinlariga dastlabki litsenziyalar oʻynaladi.

2 568
Otabek Eshmamatov, OʻzA