O‘zA O`zbek

14.02.2019 Chop etish versiyasi

Hamyurtimiz Butunjahon qoʻl jangi federatsiyasi rahbariyatiga kiritildi

Hamyurtimiz Butunjahon qoʻl jangi federatsiyasi rahbariyatiga kiritildi

Bugun Rossiya poytaxti Moskva shahrida Butunjahon qoʻl jangi federatsiyasi kongressi oʻtkazildi. Anjumanda 2018 yilgi sport mavsumi yakunlari sarhisob qilindi va 2019 yilda oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalar taqvimi tasdiqlandi.

Shuningdek, kongressda Butunjahon qoʻl jangi federatsiyasining amaldagi prezidenti, rossiyalik Sergey Aleksandrovich Astaxov qaytadan tashkilot rahbarligiga saylandi.

Biz uchun quvonarlisi, hamyurtimiz, Oʻzbekiston qoʻl jangi federatsiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Mirzaqulov Butunjahon qoʻl jangi federatsiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, bu tayinlov oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq. Buning zamirida mamlakatimizda tashkil etilgan Osiyo chempionati, professionallar oʻrtasida xalqaro reyting janglarining yuqori saviyada tashkil etilgani hamda oʻzbekistonlik qoʻl jangi ustalarining jahonda kuchlilar qatoridan joy olishayotgani kabi koʻplab omillar yotibdi.

Xalqaro qoʻl jangida yangi sahifa ochgan hamyurtlarimiz yaqin kelajakda eng nufuzli jahon chempionati musobaqalarini ham Oʻzbekistonga olib kelishlariga ishonamiz.

1 852
OʻzA