Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2018 13:51 Chop etish versiyasi

Gulistonlik jahon chempionini hamshaharlari qutladi

Gulistonlik jahon chempionini hamshaharlari qutladi

Joriy yilning iyul oyida Xorvatiyaning Zagreb shahrida erkin kurash bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan gulistonlik Jamshid Ma’rufov o‘zi tahsil olayotgan ta’lim muassasasida tantanali ravishda kutib olindi.

Jamshid Ma’rufov 2001-yilning 8-avgustida Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tavallud topgan. Ayni chog‘da u Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati (sobiq Olimpiya zaxiralari kolleji)ning 10-sinfida tahsil olmoqda.

Zagreb shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida 55 kilogramm vazn toifasida Jamshid Ma’rufov barcha raqiblarini dog‘da qoldirib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va musobaqaning oltin medali bilan taqdirlandi. Jamshid tahsil olayotgan Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida chempion sharafiga tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Guliston shahar hokimligi, viloyat va shahar xalq ta’limi, viloyat va shahar jismoniy tarbiya va sport qo‘mitalari, viloyat erkin kurash federatsiyasi vakillari, maktab-internatning o‘qituvchi va o‘quvchilari jamoasi hamda chempionning ota-onasi va yaqinlari ishtirok etdi.

Jahon chempioni Jamshid Ma’rufov yig‘ilganlarga musobaqa xususida, Xorvatiya davlatida ko‘rgan bilganlari haqida o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi.

– Ushbu g‘alabamda ota-onamning, ayniqsa, Guliston ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida menga ta’lim-tarbiya hamda saboq berayotgan murabbiy va ustozlarimning xizmatlari katta, – deydi jahon chempioni Jamshid Ma’rufov. – Ota-onamning duolari, murabbiyim Dilhayot Jo‘rayev va boshqa ustozlarimning menga bergan zarur nasihat va o‘gitlariga amal qilganim sabab jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldim, deb o‘ylayman.

Tadbirda Jamshidning murabbiyi va ota-onasi ham so‘zga chiqib, sportchilar uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Davlatimiz rahbariga o‘zlarining samimiy minnatdorchiliklarini izhor etdi.

– Jamshid eng iqtidorli shogirdlarimdan biridir, – deydi murabbiyi Dilhayot Jo‘rayev. – U 8 yildan buyon qo‘l ostimda sportning erkin kurash turi bilan shug‘ullanib kelyapti. Shu davr mobaynida Jamshid sport ustasi normativini bajardi, bir necha bor O‘zbekiston chempionati va kubogi bellashuvlarida shohsupaning eng yuqori pag‘onasidan o‘rin oldi. Xudo xohlasa, Jamshidni Yaponiyada o‘tishi rejalashtirilgan Butun jahon yozgi olimpiya o‘yinlarida ham davlatimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonchim komil.

Tadbirda Guliston shahar hokimligi, viloyat va shahar xalq ta’limi boshqarma va bo‘limi, maktab-internat jamoasi tomonidan Jamshid va uning murabbiyiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

A.Qayumov (surat), O‘zA
2 966