O‘zA O`zbek

12.07.2018 12:02 Chop etish versiyasi

GANDBOL: Italiyadan xushxabar - sportchilarimiz Jahon Kubogi sohibi!

GANDBOL: Italiyadan xushxabar - sportchilarimiz Jahon Kubogi sohibi!
Mamlakatimizda qo‘lto‘pi sport turi rivojlanib borayotganligi haqiqat. Yigit va qizlarimiz nafaqat Osiyo, balki jahon miqyosidagi rasmiy-norasmiy Xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda.

Bugun Italiya tomonlardan yetib kelgan xushxabar ham ana shu yutuqlarimizning davomi bo‘ldi.
Italiyaning Teramo shahrida Xalqaro gandbol federatsiyasi taqvimiga kiruvchi, 46-marta o‘tkazilgan xalqaro “Interamnia” Jahon Kubogida mamlakatimiz gandbol terma jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Jahonning 34 ta mamlakatidan 123 ta jamoa ishtirok etgan, turli yosh toifalari o‘rtasidagi musobaqaning 2000 yillarda tug‘ilgan sportchilari orasida tashkil etilgan bahslarda poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari kolleji talabalaridan iborat terma jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 
Ulug‘bek Ikromov va Zafar Azimov murabbiyligi ostidagi yoshlarimiz 14ta jamoa ishtirok etgan guruh bosqichida “Lanester” (Fransiya, 18:8), “Grunvald” (Polsha, 23:16), “Virum Sorgenfri” (Daniya, 15:13), “Mountada” (Marokash, 21:14), “Kozanis” (Gretsiya, 26:8) kabi jamoalarga qarshi kurash olib bordi va ularning aksariyatini yirik hisoblarda mag‘lub etishning uddasidan chiqishdi.

Gandbolchilarimiz yarim finalda yana o‘sha “Virum Sorgenfri” klubini bu gal ham dog‘da qoldirdi (15:8) va hal qiluvchi o‘yinga yo‘llanma oldi. Hamyurtlarimiz turnir finalida Shveysariyaning “Shenois Jeneva” jamoasiga qarshi maydonga tushishdi va bu raqib ham o‘zbekistonliklar tomonidan yirik hisobda mag‘lub etildi – 18:9. Shu tariqa hamyurtlarimiz o‘tkazilgan yetti uchrashuvning barchasida muvaffaqiyat qozonishib, bosh sovringa sazovor bo‘lishdi.

Oybek Yunusov, O'zA
3 910