O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

“Fyuchers” turniri yuqori saviyada o‘tdi

“Fyuchers” turniri yuqori saviyada o‘tdi

Buxoro shahridagi “Dilkusho” tennis markazida 12-20 oktabr kunlari Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari turkumiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 15 ming dollarga teng “Fyuchers” turniri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Tennis federatsiyasi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan turnirda O‘zbekiston, Belarus, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina, AQSh kabi davlatlarning 60 nafar raketka ustasi ishtirok etdi.

Musobaqada dastlab 28 nafar tennischi o‘rtasida saralash bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda yaxshi natija ko‘rsatgan 8 nafar sportchi reyting ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan 24 raketkachi safida asosiy to‘r bellashuvlariga beriladigan yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mamlakatimizning o‘n nafar vakili ham ular qatoridan o‘rin oldi.

G‘oliblik uchun bahslar murosasizligi bilan ajralib turdi. Yakkalik bahslaridan bir kun ilgari yakunlangan juftlik musobaqalarida mamlakatimiz vakili Sanjar Fayziev va qozog‘istonlik Timur Xabibulin “ikkiligi” muxlislar e’tiborini qozondi. Ular finalgacha bo‘lgan barcha bahslarda raqiblaridan ustun keldi. Afsuski, mazkur juftlik hal qiluvchi musobaqada Maksim Ratnyuk – Mixail Furyugin (Rossiya) juftligiga yutqazib, ikkinchi o‘rin bilan cheklanishdi.

Yakkalik bahslari finalida esa turnirning kuchlilari safida, ya’ni tegishli ravishda 3- va 7-raqamli tennischilari sifatida qayd etilgan rossiyalik Shalva Janashia va Maksim Ratnyuk kortga chiqdi.

Uchrashuvning birinchi setida Shalva 6:3 hisobida g‘alaba qozondi. Keyingi set ham uning faolligi bilan boshlandi. Ammo vaziyat o‘zgardi. Ustunlik goh u, goh bu tomonga o‘tdi. Yarim finalda yelkasi va oyog‘ida yuzaga kelgan muammolar Shalvaga yana o‘z ta’sirini o‘tkazishi oqibatida xatolarga yo‘l qo‘ya boshladi. Bu Maksimga ancha qo‘l keldi. Lekin o‘zida kuch to‘play olgan tajribaliroq Shalva taybrekda 7:6 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, u turnirning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

– Ikki soatdan ziyod davom etgan final uchrashuvi juda qiyin kechdi, – deydi Shalva Janashia. – Musobaqada kuchli irodali o‘yin ko‘rsatgan raqibimga qoyilman. U g‘oliblik uchun astoydil kurashdi. Lekin omad menga kulib boqdi. Men tennis sportiga katta e’tibor berilayotgan O‘zbekistonning turli shaharlarida o‘tkazilgan turnirlarda ishtirok etganman. Bu gal anchadan buyon orzu qilganim – qadimiy Buxoroga keldim. Musobaqa qatnashchilarining dam olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli qadimiy shaharning betakror me’moriy yodgorliklarini tomosha qildim. Bunaqa mo‘jizalarni hamma yerda ham ko‘ravermaysiz.

1 521
Erkin YoDGOROV, O‘zA