O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 19:27 Chop etish versiyasi

FUTZAL: “Buxoro” avval tarkibini yoʻqotdi, keyin esa oʻyinga bormay qoʻya qoldi

FUTZAL: “Buxoro” avval tarkibini yoʻqotdi, keyin esa oʻyinga bormay qoʻya qoldi “Buxoro” jamoasi Fargʻonaga – “Neftchi” bilan oʻyinga borishning imkonini qila olmadi, natijada unga magʻlubiyat yozildi, endi jarimaga ham tortiladi.

Futzal boʻyicha mamlakat chempionatining 14-tur oʻyinlarida shov-shuvga tortadigan natijali oʻyinning oʻzi boʻlmadi. Tashkil etilgan olti uchrashuvning barida kuchli klublarning gʻalabasi kuzatildi. “Metallurg” safarda toʻp surishiga qaramay “Qizilqum”ni har ikkala oʻyinda ham (4:1, 7:5) magʻlubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi. “Neftchi” oʻz maydonida “Buxoro”ni maydonga tushmayoq yenga bildi, sababi “Buxoro” oʻyinga kelmadi. “Bunyodkor” “Lokomotiv”ni (4:2, 5:1), “Nasaf” “Qoʻqon-1912”ni (12:3, 5:2), “Paxtakor” “Navbahor”ni (3:0, 4:2), AGMK esa “Soʻgʻdiyona”ni (5:2, 3:1) magʻlub etib, mavqelarini yanada mustahkamlab oldilar.

“Buxoro”birinchi davrani yomon oʻtkazmadi, garchi turnir jadvalida beshinchi oʻrinda turgan boʻlsa-da, uchlikka kirishga intilayotgan, buning uchun imkoniyatlari ham yetarli edi. Sababi,“Buxoro” sharafini himoya qilayotgan Kogon shahrining Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari ota-bola Furqat va Fuzuliy Hayrullayev ustozligida futzalda “pishgan”, “toblangan” yigitlar ishtirokida har qanday musobaqalarda qatnashib, faxrli oʻrinlarni egallab kelgandi. Nima boʻldiyu, klub rahbarlarining futzal jamoasiga eʼtibori susaydi. Avvaliga mukofot pullari kamaytirildi, keyinroq butunlay yoʻq qilindi, tanaffus paytida esa jamoaning yetakchilarini klubda ushlab qolish choralarini koʻra bilmadi, natijada tajribali toʻrt nafar futzalchi jamoani tark etib, “Soʻgʻdiyona” tarkibiga borib qoʻshildi. Va aynan shu yigitlar evaziga kuchaygan jizzaxliklar ikkinchi davradan raqiblarining “dodini” bera boshlashdi.

“Buxoro” uchun bular hali hammasi emas ekan. Ikkinchi davra boshidagi “Paxtakor”ga qarshi oʻyinni oʻtkazish uchun arang Toshkentga kelib-ketgan jamoa navbatdagi oʻyinlarini oʻz maydonlarida bir amallab oʻtkazdi. 14-turga kelib esa Fargʻonaga borish ham muammo ostida qoldi. Jamoa har qanday sharoitda ham tayyorgarlikni davom ettirdi, safarga joʻnab ketish muddati oʻtayotgan damda ham jamoa aʼzolari bazani tark etishmadi. Ularning koʻngillarida “muammo hal boʻlib qolar”, degan umid hali oʻchmagandi. Oxir-oqibat safar bekor qilindi, futzalchilar uy-uylariga tarqatildi.

Xoʻp, klub mutasaddilari bu kabi muammoni hal eta olmay, ikkita oʻyinga tegishli boʻlgan texnik magʻlubiyatga rozi boʻldi, deylik ham. Lekin masalani ikkinchi tomoni ham bor. Safar bilan bogʻliq xarajatlarni hal eta olmagan klub buning uchun joriy qilingan moddiy jarimani toʻlashdan bosh torta olmaydiku. Jarima esa yoʻlkiradan ancha qimmatga tushishi hech gap emas...

Xullas, 14-turdan keyin “Buxoro” pastlashda yana davom etdi. Kuchli toʻrtlikdagi jamoalarning bari (AGMK, “Paxtakor”, “Neftchi” va “Metallurg”), qayerda oʻynashidan qatʼiy nazar gʻalaba qozonishdi va turnir jadvalidagi oʻz oʻrinlarini oʻzgartirishmadi. Pastroqda yurgan “Bunyodkor” “Lokomotiv”dan erishilgan yutuq tufayli sakkizinchi oʻrindan beshinchi oʻringa koʻtarilib oldi. “Lokomotiv” esa aksincha, yettinchi oʻrindan toʻqqizga “shoʻngʻidi”.

Navbatdagi tur oʻyinlari 14 va 15 sentyabr kunlariga belgilangan.

OʻzA