Futbolchilarimizdan umidimiz katta
Sanoqli kunlardan so‘ng Avstraliya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XVI Osiyo kubogi musobaqasi boshlanadi. Mazkur nufuzli turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhida Saudiya Arabistoni, Xitoy va KXDR terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Sanoqli kunlardan so‘ng Avstraliya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XVI Osiyo kubogi musobaqasi boshlanadi. Mazkur nufuzli turnirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhida Saudiya Arabistoni, Xitoy va KXDR terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 1956-yilda asos solingan Osiyo kubogi qit’amizda futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Unda murakkab saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng kuchli o‘n olti mamlakat terma jamoalari g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi musobaqasining final bosqichida 1996-yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. O‘sha yili Birlashgan Arab Amirliklari va 2000-yili Livanda o‘tkazilgan dastlabki ikki turnir o‘zbekistonlik futbolchilar uchun tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. 2004-yili Xitoyda va uch yildan so‘ng birvarakayiga to‘rtta mamlakat – Vetnam, Indoneziya, Tailand hamda Malayziyada tashkil etilgan musobaqaning guruh bahslarida zafar quchgan futbolchilarimiz chorak finalga chiqdi. 2011-yili Qatarda o‘tkazilgan qit’a kubogi bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim finalgacha yetib borib, kuchli to‘rtlikdan joy oldi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Osiyo kubogining final bosqichida o‘ynaydigan terma jamoa tarkibiga milliy chempionatimiz oliy ligasida ishtirok etayotgan “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalari safida kuchli o‘yin ko‘rsatgan eng mohir futbolchilarni jalb etdi. Shuningdek, Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov, Sanjar Tursunov, Server Jeparov, Aziz Haydarov, Anzur Ismoilov kabi legionerlar ham Avstraliya yashil maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Osiyo kubogi bahslari joriy yilning 9-yanvar kuni Avstraliya va Kuvayt terma jamoalari uchrashuvi bilan boshlanadi. O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari musobaqaning guruh bahslarini 10-yanvar kuni Sidney shahrida KXDR terma jamoasiga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Futbolchilarimiz 14-yanvar kuni Xitoy, 18-yanvarda Saudiya Arabistoni vakillari bilan kuch sinashadi.
Har bir guruhdan eng kuchli ikki terma jamoa chorak finalga yo‘llanma oladi. “Osiyo kubogi – 2015” musobaqasining final uchrashuvi 31-yanvar kuni bo‘ladi.
Ayni paytda terma jamoamiz a’zolari Avstraliyada musobaqaga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini o‘tamoqda. O‘zbekiston futbol federatsiyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hamyurtlarimiz mashg‘ulot jarayonida Malayziyaning “Da’rul Ta’zim” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.