O‘zA O`zbek

14.08.2018 15:53 Chop etish versiyasi

Futbolchilarimiz Osiyo o‘yinlarini g‘alaba bilan boshladi

Futbolchilarimiz Osiyo o‘yinlarini g‘alaba bilan boshladi
Yana to‘rt kundan keyin Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida 18-bor o‘tkazilayotgan yozgi Osiyo O‘yinlari rasman start oladi. Ayni paytda esa ba’zi sport turlarida bahslar boshlanib ham ketgan. 

Xabaringiz bor, qit’amizdagi to‘rt yillikning muhim sport tadbirida ishtirok etuvchi sportchilarimiz orasida Indoneziyaga birinchilardan bo‘lib futbolchilarimiz yetib borishgandi. Va aynan futbol bo‘yicha terma jamoamiz qit’a O‘yinlarida birinchi bo‘lib maydonga tushishdi.

Bir necha daqiqalar oldin Ravshan Haydarov ustozligidagi terma jamoamiz guruhdagi dastlabki o‘yinini Bangladesh termasiga qarshi o‘tkazdi va raqiblarini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqishdi. Jakartadagi “Pakansira” stadionida kechgan o‘yinda gollarga Zabixilla O‘rinboyev (24), Doston Hamdamov (57) va Ikrom Aliboyev (67) mualliflik qilishdi.

Termamiz ikkinchi turni 16 avgust kuni Qatarga va 19 avgustda Tailand termasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yinlar Toshkent vaqti bilan soat 17:00da boshlanadi.

Shuningdek, Osiyo O‘yinlarida futbol bo‘yicha o‘zbekistonlik hakamlar ham faoliyat olib borishmoqda. Erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarga Aziz Asimov va Ruslan Serazetdinov, ayollar o‘rtasidagi o‘yinlarga esa Anna Sidorova va Zilola Rahmatova taklif etilgan. Bugun bo‘lib o‘tadigan BAA – Suriya uchrashuvida Aziz Asimov bosh hakam, Ruslan Serazetdinov esa qanot hakami sifatida tayinlangan. Asimovga yordam beruvchi ikkinchi hakam esa qirg‘izistonlik Zamirbek Chinnibekovdir.

Oybek Yunusov, O'zA
3 601