O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 11:58 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Terma jamoalarimizda nima gap?

FUTBOL: Terma jamoalarimizda nima gap?

Milliy termamiz bugun Eronga qarshi maydonga tushadi...

Bugun Ektor Kuper ustozligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Eron termasiga qarshi xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. “Milliy” stadionda, soat 20:00da boshlanadigan mazkur oʻyinni qirgʻizistonlik hakamlar guruhi boshqarib boradi.
Bular - Dmitriy Mashensev, Bahodir Qoʻchqorov, Ismoil Tolibjonov.

Xabaringiz bor, FIFA kunlari doirasida terma jamoamiz yangi bosh murabbiy ishtirokidagi ilk uchrashuvni 6 sentyabr kuni Toshkentda oʻtkazgan va unda durang natija qayd etilgan edi. Suriyaliklar Markaziy Osiyoga safarini davom ettirib, qoʻshi Qirgʻiziston poytaxti Bishkekga joʻnab ketishgandi.

33059.jpg

Kecha, mazkur shahardagi Dolen Omurzakov nomli stadionda oʻtgan oʻyinda kutilmaganda suriyaliklar mezbonlarga 1:2 hisobida magʻlubiyatga uchrashdi. Buning sabablaridan bir sifatida mehmonlarning ikki oʻyinchisi maydondan chiqarib yuborilganini ham keltirish mumkindir balki. Nima boʻlgan taqdirda ham jahon reytingida bizdan ancha ortda boʻlgan yon qoʻshnilarimiz biz yenga olmagan jamoadan ustunlikka erishganini isbotladi.

U-21: Yoshlarimiz oʻzlarini koʻrsatishdi...

b1f77f9c-2443-4d66-8405-baff119b15fe.jpg

Jamshid Saidov bosh murabbiyligidagi 1997 va undan keyingi yillarda tugʻilgan yoshlardan iborat terma jamoamizning Xitoyda tashkil etilgan xalqaro turnirda bosh sovrinni qoʻlga kiritgani haqida xabar berilgan. Dastlab Tojikiston va Muanmar termalarini magʻlubiyatga uchratgan yoshlarimiz hal qiluvchi bahsda mezbonlarga qarshi maydonga tushishdi va oʻzlari uchun kifoya boʻlgan durang natijani qayd etishdi – 1:1. Eʼtiborli jihati, yagona gol muallifi Sherzod Nasrullayevning ushbu goli turnirning “Eng chiroyli gol” nominatsiyasida yutib chiqdi va sovrinni qoʻlga kiritdi. Turnirning ikkinchi mukofoti mezbonlarga, uchinchisi esa tojikistonliklarga nasib etdi.

Ayni paytda terma jamoa aʼzolari oʻzlari toʻp surayotgan klublarida navbatdagi tur oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishyapti.

U-17: Oʻsmirlarning akalariga kuchlari yetdi...

f87205cd-9d2c-414b-92fd-ecd4fdc411ad.jpg

Otabek Gʻulomxoʻjayev ustozligidagi 17 yoshli oʻsmirlar terma jamoamizning Toshkentda navbatdagi oʻquv-mashgʻulot yigʻini boshlagani haqida yozgan edik. Toʻrt kunga moʻljallangan yigʻin davomida futbolchilar rejaga muvofiq mashgʻulotlarda ishtirok etish bilan birga belgilangan ikkita oʻrtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushishadi.

Yigʻinga jalb etilgan 25 nafar futbolchidan murabbiylar shtabi ishonchini oqlaganlar oktyabr oyida Ispaniya davlatida boʻlib oʻtadigan xalqaro turnirda qatnashuvchi Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi. 

Termaga jalb etilgan 25 nafar futbolchidan toʻrt nafari 2002-yilda, qolganlari esa 2001-yilda tavallud topgan yoshlar sanaladi. Ular “Navbahor”, “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Nasaf”, AGMK, “Neftchi”, “Xorazm” va “OʻzDongJu” kabi Superliga va havaskor jamoalar safida harakat qilishadi. 

Kecha oʻsmirlarimiz Pro-liganing “B” guruhi peshqadami “Nurafshon” jamoasiga qarshi maydonga tushishdi va 3:3 hisobidagi durang natijani qayd etishdi. Ayni paytda “Milliy” stadionning mashgʻulotlar maydonida yigʻin doirasidagi navbatdagi uchrashuv start olish arafasida. Unda oʻsmirlar terma jamoasiga “Bunyodkor”ning Shuhrat Maqsudov boshchiligidagi yoshlar tarkibi raqiblik qilmoqda.

U-14: Soʻnggi raqib Janubiy Koreya...

9b51b2b5-ad58-4de8-be39-685ac7282fa9.jpg

Azamat Abduraimov shogirdlari – 14 yoshlilar terma jamoamiz Xitoyning Uxan shahrida tashkil etilgan xalqaro musobaqada qatnashayotganidan xabaringiz bor. Oʻsmirlarimiz musobaqani Yaponiyaga qarshi oʻyin bilan boshlab, 0:4 hisobida yutqazgani bilan, qolgan oʻyinlarda gʻalaba qozonishning uddasidan chiqishdi. Jumladan, Tailandni 2:1, vyetnamliklarni penaltilar hisobiga 5:4, Birlashgan Arab Amirliklari termasini esa 5:0 hisoblarida magʻlubiyatga uchratishdi.

Bugun oʻsmirlarimiz musobaqaning 5-oʻrini uchun Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushishadi.

Futzal U-20: Osiyo chempionati saralash oʻyinlari Toshkentda oʻtadi...

7407bf90-e340-43e7-b298-b8e28d754e20.jpg

Kelasi yili 20 yoshlilar oʻrtasida oʻtadigan Osiyo chempionatiga saralash oʻyinlar bu yildan boshlanadi. Avvaliga mazkur musobaqada oʻzbekistonliklarning ishtirok etmasligi xabarlari tarqalgandi. Keyinroq maʼlum boʻldiki, vakillarimiz nafaqat ishtirok etishmaydi, balki hatto saralash oʻyinlarini oʻz maydonlarida qabul qiladigan boʻldi.

Saralash bahslari toʻrtta mintaqaga, jumladan, Janubi-sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Osiyo mintaqalariga boʻlingan holda tashkillashtiriladi. Toshkent Markaziy Osiyo mintaqasi saralashiga mezbonlik qiladi. 

Ushbu saralash bahslari shu yilning dekabr oyida oʻtkazilishi belgilangan.

Unga qadar terma jamoamiz oktyabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalanish maqsadida Toshkentda ikkita xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishni rejalashtirmoqda. 

Afgʻoniston futbol federatsiyasi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga har ikki mamlakat terma jamoalari oʻrtasida oʻrtoqlik oʻyini tashkil etish borasida taklif bilan chiqdi. OʻFA mazkur taklifga ijobiy javob bergach, oʻyin 12-13-oktabr sanalariga belgilandi. Shuningdek, futzal terma jamoamiz 20-23-oktabr kunlari Tailandda oʻtkaziladigan xalqaro musobaqada ham ishtirok etishni moʻljallab turibdi.

Ayollar futboli. U-16: Osiyo chempionatiga tayyorgarlik qizgʻin...

035e3e40-8bfe-4099-bbef-ef56fde89386.jpg

Ilhom Xanjarayev ustozligidagi 16 yoshli qizlarimizdan iborat terma jamoamiz shu yilning 15-23-sentabr kuni Shri-Lanka davlatida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionati saralash oʻyinlariga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. 

Terma jamoa aʼzolari 8-sentabrdan buyon Toshkentdagi “Chigʻatoy” sport majmuasida mashgʻulotlar olib borishmoqda. Bosh murabbiy Ilhom Xanjarayev safarga otlanuvchi 23 nafar shogirdlarini allaqachon aniqlab boʻlgan.

Mana ular: 

Darvozabonlar - Angelina Polyushkevich (“Sevinch”), Aziza Davlatova (“TerDU-Surxon”). 

Himoyachilar - Marina Kosnikova (“Bunyodkor”), Sevinch Qoʻchqorova , Fotima Tursunaliyeva, Mahliyo Zaidbayeva (uchalasi ham AGMKdan), Rushana Toshpoʻlatova , Durdona Aliyeva, Sevinch Ashurova (uchalasi ham “Sevinch”dan), Zarina Jumayeva (“Dinamo”). 

Yarim himoyachilar - Parvina Sodiqova, Zuhra Tursunaliyeva, Nozima Sheraliyeva (uchalasi ham AGMKdan), Umida Xotamova, Kamola Erkinova (ikkalasi ham “Paxtakor”dan), Nodira Iskandarova (“Soʻgʻdiyona”), Oʻgʻiloy Saydullayeva (“Sevinch”), Zarina Mamatkarimova (“Metallurg”). 

Hujumchilar - Diyora Joʻraboyeva (“Navbahor”), Laylo Oraniyozova (Toshkent viloyati BOʻSMM), Angelina Akteryakova (“Bunyodkor”), Oysara Suyunova (“Lokomotiv”), Mahzuna Abdukarimova (Toshkent shahar futbol akademiyasi).

Saralash oʻyinlarida termamiz “A” guruhidan joy olgan va Shri-Lanka, Xitoy, Guam, Iordaniya davlatlari termalariga qarshi kurash olib boradi. Vakillarimiz ishtirokidagi oʻyinlar taqvimi esa quyidagicha:

15-sentabr
Oʻzbekiston – Iordaniya

19-sentabr
Oʻzbekiston – Guam

21-sentabr
Oʻzbekiston – Shri-Lanka

23-sentabr
Oʻzbekiston – Xitoy.

Oʻsmir qizlarimiz 12-sentabr kuni erta tongda Toshkent-Kuala-Lumpur-Kolombo yoʻnalishi orqali Shri-Lanka mamlakatiga joʻnab ketadi.

Oybek Yunusov, O'zA