O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Superliga – turning teng yarmida bir xil natija

FUTBOL: Superliga – turning teng yarmida bir xil natija

Coca-cola Superligasi navbatdagi 23-turining to‘rtta o‘yinida bir xil natija - 1:1 hisobi qayd etildi, ikki uchrashuvda mezbonlar, faqat bitta o‘yinda mehmonlar g‘alaba qozondi.

O‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qilgan “So‘g‘diyona” turning eng yirik natijasini qayd etdi – samarqandliklar darvozasiga javobsiz uchta gol yo‘lladi va turnir jadvalida sovrin taqdim etuvchi uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Dinamo” esa aksincha, tobora ligani tark etuvchi “imkoniyatini oshirdi”. Hech narsani hal etmaydigan o‘yinda “Paxtakor” o‘z an’analarini davom ettirgan holda “Surxon” jamoasini mag‘lub etdi. Safarda yutuqqa erishish esa tur bo‘yicha birgina “Qo‘qon-1912” jamoasiga nasib etdi. Qo‘qonliklar jamoasi to‘purari Murod Xolmuhammedovning penaltidan kiritgan goli evaziga g‘alabani saqlab qolishdi.

photo5323726059654458305.jpg

Durangli natijalardan uchtasida qiziq voqealar kuzatildi. Aytaylik, “Qizilqum” – “Metallurg” o‘yinida har ikkala tomon gollari penaltilardan kiritilgan bo‘lsa, “Andijon” – “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda har ikkala gol ham bosh hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda darvozalar to‘ridan joy oldi. 

photo5323726059654458307.jpg

Turning markaziy uchrashuvi deya baholangan “Navbahor” – “Nasaf” uchrashuvi kutilganidek qiziqarli, shiddatli va murosasiz o‘tdi. Har ikkala bo‘lim ham deyarli teng kurashlar ostida davom etdi. Har ikkala tomondan ham xavfli vaziyatlar bir necha bor yuzaga keldi va har ikkalasida ham darvozabonlarning mahorati evaziga to‘plar darvoza to‘riga borib tushmadi. Birinchi bo‘limda tarkib borasida tomoshabinlarning keskin noroziligiga duch kelgan maydon egalarining xorijlik murabbiyi ikkinchi bo‘limda tarkibni ham, maydondagi taktikani ham o‘zgartirdi. Natijada mezbonlar o‘yinida yanada jonlanish sezildi. Bu esa nihoyat, uchrashuv tugashiga o‘n daqiqa qolganda o‘z mevasini berdi. Aziz Ibragimovning kuchli zarbasini darvozabon qaytarishga ojizlik qildi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan uch daqiqaning so‘nggi soniyalari, stadiondagi ko‘pchilik mahalliy muxlislar va mutaxassislar g‘alabani nishonlay boshlagan chog‘da qarshiliklarning hujumini Bobur Abduxoliqov golga aylantirdi va jamoadoshlari uchun g‘alabadek qabul qilingan durang natijaga asos soldi. Aksincha, maydon egalari mag‘lubiyatga teng golni o‘tkazib yuborganliklari uchun ham maydonni g‘amgin kayfiyatda tark etishdi.

photo5323792687482121043.jpg

Ushbu turdan so‘ng “Paxtakor” 65 ochko bilan peshqadamligini yanada mustahkamladi. “Lokomotiv” kumush medal uchun vaziyatni harqalay qo‘ldan chiqarmadi – 42 ochko to‘pladi. Asosan uchinchi o‘rin uchun kurashayotganlar safida “So‘g‘diyona” birinchiga chiqib oldi – 38 ochko bilan. Qolgan o‘rinlar quyidagicha ko‘rinish olgan: 4.”Bunyodkor” 36 ochko, 5.”Nasaf” 32, 6.”Surxon” 32, 7.”Navbahor” 31, 8.”Metallurg” 28, 9.AGMK 26, 10.”Andijon” 24, 11.”Qo‘qon-1912” 23, 12. “Qizilqum” 23, 13.”Buxoro” 19, 14.”Dinamo” 18 ochko.

756
Oybek YuNUSOV, Muhammad AMIN (surat), O‘zA