O‘zA O`zbek

07.08.2018 16:25 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Pro-ligada texnik natijalar qayd etildi

FUTBOL: Pro-ligada texnik natijalar qayd etildi
Mamlakat milliy chempionatining Pepsi Superligasida ishlar ancha iziga tushib oldi. Biroq sobiq birinchi liga maqomini beruvchi Pro-ligada hali barchasi maqtagudek emas.

Avvallari tez-tez guvohi bo‘lganimiz – jamoalarga qaysidir ishlari uchun texnik mag‘lubiyat yoki g‘alaba taqdim etish kabi masalalar yana ko‘tarila boshlandi. 

Pro-liganing bo‘lib o‘tgan 19-tur uchrashuvlarida ikkita o‘yinda texnik natija kuzatildi. “Norin” va “Yozyovon” jamoalariga texnik mag‘lubiyat, ularga qarshi maydonga tushishi lozim bo‘lgan “Dinamo” va “Xotira-79” jamoalariga texnik g‘alaba yozildi. Sababi, Namanganning Norin hamda Farg‘onaning Yozyovon tumanlari sharafini himoya qiluvchi jamoalar O‘zPFLga 2018-yilgi birinchilikda qatnashish uchun belgilangan a’zolik badallarini to‘liq to‘la olmagan. Vaholanki, ularning oldida bu yilgi musobaqaning birinchi davrasi, shunda ham ulgurmasa oraliq tanaffus vaqtida barcha masalalarga oydinlik kiritib olish imkoniyati bor edi. Biroq O‘zPFL tomonidan qanchalik ogohlantirishlariga qaramay, yuqorida tilga olingan klublar bundan foydalana olishmadi. Aksincha, o‘yin boshlanishiga sanoqli soat va daqiqalar qolganda ham “iltimos bilan ish bitiramiz, qayerga borishardi, baribir ruxsat beradi-da”, deya xotirjamlikka berilishdi. O‘zPFL tomonidan uchrashuvlarga biriktirilgan komissarlar esa “qaror qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q” qabilida ish tutishib, uchrashuv o‘tkazilishiga ruxsat berishmadi.

Uzoq davom etgan yozgi tanaffusdan qaytgan jamoalar 19-tur o‘yinlarida maydonga tushishdi. “A” guruhida markaziy uchrashuv deya “Andijon” va “Mash’al” jamoalari o‘yini tan olindi. Haqiqatdan ham, kuchlilar safiga intilayotgan mazkur jamoalar uchun har bir bahs muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bu o‘yin o‘zaro uchrashuv bo‘lsa. Andijonda mezbonlar zafar quchishdi hamda peshqadamlikka ko‘tarilib olishdi. Birinchi davra yakuniga ko‘ra bir xil ochko jamg‘argan “Surxon”, “Andijon” va “Mash’al” jamoalari orasida termizliklar to‘plar nisbatiga ko‘ra eng yuqorida turishgandi. Bu turda “Surxon”ning dam olganidan foydalangan andijonliklar birinchi o‘ringa chiqib olishdi.
“V” guruhida esa Toshkent viloyatining “Nurafshon” jamoasi yaqin ta’qibchilarini kattagina farq evaziga ortda qoldirishda davom etyapti. Nurafshonliklar ikkinchi davraning ilk o‘yinida o‘z maydonida “Iftixor” jamoasini yirik – 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi. Kutilmagan o‘yin sifatida “Zomin” – “Labsa” bahsini keltirish mumkin. Zominliklar o‘z uylarida “Labsa” jamoasiga yirik hisobda imkoniyatni boy berishdi – 0:3. 

19-turda qayd etilgan natijalar:

“A” guruhi

“Sho‘rtan” – “Xorazm” – 3:2
“Orol” – “Istiqlol” – 1:1
“Andijon” - “Mash’al” – 2:1
“Norin” – “Dinamo” - -:+
“V” guruhi
“Nurafshon” – “Iftixor” – 5:1
“Zomin” – “Labsa” – 0:3
“G‘ijduvon” – “Lokomotiv-BFK” – 2:1
“Yozyovon” – “Xotira-79” - -:+.

20-tur o‘yinlari 9-10-avgust kunlariga belgilangan.

O. Yunusov, O'zA
2 639