O‘zA O`zbek

25.08.2018 10:06 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Ektor Kuper terma jamoa yigʻiniga kimlarni taklif etdi?

FUTBOL: Ektor Kuper terma jamoa yigʻiniga kimlarni taklif etdi?
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligida 22-avgustdan buyon poytaxtdagi “Jar” stadionining mashgʻulotlar maydonida oʻquv-mashgʻulot yigʻini olib bormoqda.

Xorijlik mutaxassisning ilk yigʻindan koʻzlangan asosiy maqsadi futbolchilar bilan yaqindan tanishish, milliy termaga nomzod futbolchilarning xatti-harakatini kuzatish va albatta, mashgʻulotlarga zoʻr berishdan iborat boʻlmoqda.

Kuper qoʻl ostida futbolchilar asosan toʻp bilan koʻproq shugʻullanmoqda. Ektor Kuperning yordamchilari Antonio Sarioglu va Mahmud Fayoz Muhammad jismoniy tayyorgarlik boʻyicha javobgar boʻlsa, Misr terma jamoasidagi assistenti Xose Karlos Fantagussi taktik tahlil boʻyicha masʻuliyatni oʻz zimmasiga olgan. Murabbiylar shtabida mahalliy mutaxassisdan faqat darvozabonlar boʻyicha Denis Ivankov ishlamoqda. Denis garchi Oʻzbekistonda tugʻilgan, futbolchilik faoliyatining asosiy qismi Oʻzbekiston klublarida oʻtgan, ayni paytda esa “Nasaf” klubida ish olib borayotgan boʻlsa-da Italiya fuqarosi sanaladi. Demak, hozircha murabbiylar shtabida chinakam mahalliy mutaxassis koʻrinmayapti. Ammo murabbiylikdan boshqa sohalar vakillari oʻzimizdan. Yaʻni, terma jamoa massajchilari Abdulla Rizboyev “Bunyodkor“dan, Andrey Bezborodov “Nasaf”dan taklif etilgan. Jamoa shifokorlari tajribali Abror Pirriyev hamda Muzaffar Xudoyberdiyev “Lokomotiv”dan chaqirilgan. Maʻmur vazifasini ham “Lokomotiv“ xodimi Baxtiyor Ismoilov bajarmoqda.

857ab737-f218-4ccc-8151-4f4e3821d87b.jpg

– Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionati saralashidan oʻrin olgan barcha uchrashuvlarini koʻrib chiqdim. Shuningdek, bu yil oʻtkazilgan oʻrtoqlik uchrashuvlarining videoyozuvini ham yordamchilarim bilan tahlil qildik. Ana shu uchrashuvlarda qatnashgan futbolchilarni dastlabki yigʻinga taklif qilishga qaror qildik. Yigʻin davomida futbolchilar bilan yaxshiroq tanishib, ular haqida kengroq maʻlumotga ega boʻlamiz. Shundan kelib chiqib milliy terma jamoaning asosini shakllantirib boramiz. Yigʻinga chaqirildi, deganda asosiy tarkibdan joy kafolatlandi, degani emas. Yigʻin davomida bizni qoniqtirmagan futbolchilarga javob berib yuboriladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Superligasi uchrashuvlarini muntazam kuzatib borish orqali, milliy chempionatdan ham futbolchilar kelasi yigʻinlarga taklif qilinadi. Buning ustiga, Olimpiya terma jamoasida toʻp surayotgan futbolchilar bor. Ulardan ham milliy terma jamoaga bir qator futbolchilarni chaqiramiz. Termaga taklif qilingan futbolchi mening uslubimga mos kelishi kerak, – deydi Ektor Kuper.

5cfc0cd1-0bc8-4658-8430-393e744d3d91.jpg

Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz sentyabr oyining oʻzida Toshkentda ikkita xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazishni rejalashtirgan. 6-sentyabrda Suriyaga qarshi maydonga tushilsa, 11-sentyabrda Eron milliy termasi mehmon boʻladi. Ana shu oʻyinlarga tayyorgarlik koʻrish maqsadida, Ektor Kuper dastlabki yigʻinga quyidagi futbolchilarni jalb etdi. Shuni taʻkidlash joizki, yigʻinning dastlabki kunlarida asosan mahalliy futbolchilar shugʻullanadi, xorijda toʻp surayotgan legionerlarimiz esa oy oxiriga qadar terma jamoa ixtiyoriga yetib keladi.

Demak, yigʻinda ishtirok etayotgan futbolchilar:

Darvozabonlar:

Eldorbek Suyunov (“Paxtakor”)
Murodjon Zuhurov (“Bunyodkor”)
Sanjar Quvvatov (“Nasaf”)
Ignatiy Nesterov (“Lokomotiv”)

Himoyachilar:

Vitaliy Denisov (“Krilya Sovetov”, Rossiya)
Sanʻat Shixov (“Buxoro”)
Murod Xolmuhammedov (“Qoʻqon-1912”)
Anzur Ismoilov (“Lokomotiv”)
Islom Toʻxtaxoʻjayev (“Lokomotiv”)
Shohrux Gadoyev (“Tedjon Sitizen”, J.Koreya)
Yegor Krimes (“Paxtakor”)
Shuhrat Muhammadiyev (“Lokomotiv“)
Oleg Zoteyev (“Lokomotiv”)
Sherzod Aʻzamov (“Paxtakor”)
Farruh Sayfiyev (“Paxtakor”)
Akmal Shorahmedov (“Paxtakor“)

Yarim himoyachilar:

Odil Ahmedov (“Shanxay SIPG”, Xitoy)
Husniddin Gʻofurov (“Lokomotiv”)
Azizbek Haydarov (“Bunyodkor”)
Sardor Mirzayev (“Lokomotiv”)
Otabek Shukurov (“Sharja”, BAA)
Sardor Sobirxoʻjayev (“Bunyodkor”)
Sardor Rashidov (“Lokomotiv”)
Eldor Shomurodov (“Rostov”, Rossiya)
Sanjar Tursunov (“Tedjon Sitizen”, J.Koreya”)
Vladimir Kozak (“Paxtakor”)
Javlon Ibrohimov (“Bunyodkor”)

Hujumchilar:

Temurxoʻja Abduxoliqov (“Lokomotiv”)
Marat Bikmayev (“Lokomotiv”)
Ivan Nagayev (“Qizilqum”)
Igor Sergeyev (“Paxtakor”)

Yigʻinga chaqirilgan futbolchilarning bari ham mashgʻulotlarda ishtirok etayotgani yoʻq. Aytaylik, Shuhrat Muhammadiyev “Buxoro“ga qarshi oʻyinda jarohat olgani bois davolanish bilan band, dastlabki kungi mashgʻulotlarda qatnashgan markaziy himoyachi Sherzod Aʻzamov bel qismidan olgan jarohati bois klubiga qaytdi.

Suriya terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik oʻyiniga bir hafta qolganida terma jamoa yigʻiniga qoʻshilishi koʻzda tutilgan futbolchilardan ikki yarim himoyachi Vagiz Galiulin hamda Fozil Musayev jarohatlari borligi sabab terma jamoamizning ilk yigʻinini oʻtkazib yuborishga majbur boʻlmoqda.

Oybek Yunusov, OʻzA
2 818