O‘zA O`zbek

02.08.2018 10:26 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Ektor Kuper – O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishga rozi bo‘ldi, u Toshkentga kelyapti

FUTBOL: Ektor Kuper – O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishga rozi bo‘ldi, u Toshkentga kelyapti

Nihoyat, yarim yildan ko‘proq vaqt davomida o‘zbek futbolining bosh mavzusiga aylangan va turli shov-shuvlarga sabab bo‘lgan futbol bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi masalasi hal bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va argentinalik mutaxassis Ektor Kuper o‘rtasida o‘zaro kelishuvga erishildi. Argentinalik mutaxassis aynan shartnoma bandlari bilan tanishish va imzo chekish maqsadida 6 avgust kuni Toshkentga yetib keladi.

62 yoshli mutaxassisning futbolchilik faoliyatidan ko‘ra, murabbiylikdagi yutuqlari ko‘p. O‘z mamlakatining to‘rt klubida to‘p surgan, ikki mavsum mamlakat milliy terma jamoasi libosida besh bora maydonga tushgan, xolos. Murabbiylik faoliyati davomida esa olti mamlakat klublarida, xususan, Italiya va Ispaniya chempionatlarida ishlagan, erishilgan natijalariga ko‘ra yaxshigina obro‘ qozongan. 2000-2001 yillarda ketma-ket ikki marta “Valensiya”ni UYEFA Chempionlar ligasining finaliga olib chiqqan, biroq “Barselona” va “Bavariya”ning jiddiy qarshiligiga duch kelgan.

Kuper terma jamoalardagi faoliyatini 2008 yilda Gretsiya termasidan boshlagan. Misr terma jamoasini 2018 yilgi Jahon chempionatiga olib chiqish orqali yana katta futbol sahnasiga qaytdi. Misrdagi uch yillik faoliyati davomida argentinalik mutaxassis 38 ta o‘yin o‘tkazgan – 19 tasida g‘alaba, 7 tasida durang va 12 tasida mag‘lubiyat qayd etilgan.

Xabaringiz bor, Misr terma jamoasi Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatida Urugvay, Rossiya va Saudiya Arabistoni bilan bir guruhda kurash olib borib, yakunda so‘nggi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari bilan olib borilgan muzokaralar bugun ijobiy yechimini topdi. Tez kunlarda argentinalik mutaxassis Toshkentga yetib keladi va shartnomaga qo‘l qo‘yadi. Uning birinchi galdagi vazifasi milliy terma jamoamizning yana besh oydan keyin BAA maydonlarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga munosib tayyorlashdan iborat bo‘ladi. Futbolchilarimiz ushbu musobaqada o‘z guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston termalariga qarshi bahs yuritadi.

To‘liq ismi-sharifi - Ektor Raul Kuper 1955 yilning 16 noyabrida Argentinaning Santa-Fe provinsiyasida tug‘ilgan.

Futbolchilik faoliyati: 

Klublarda

“Ferrokaril Oeste” klubi. 5 ta o‘yin (0 ta gol). 1976-1977 y.
“Independyente Rivadaviya” 6 (2). 1977-1978 y. 
“Ferrokaril Oeste” 424 (24). 1978-1988 y.
“Urakan” 132 (8). 1988-1992 y.

Milliy termada

Argentina 5 (0). 1984-1986.

Murabbiylik faoliyati:

“Urakan” – Argentina chempionatining kumush medali sohibi (1994)
“Lanus” – KONMЕBOL Kubogi sohibi (1996)
“Malorka” – Ispaniya Kubogi finalchisi (1997/1998), Ispaniya Superkubogi sohibi (1998), UYEFA Kubok egalari 

Kubogi finalchisi (1998/1999).

“Valensiya” – Ispaniya Superkubogi g‘olibi (1999), UYEFA Chempionlar ligasi finalchisi (2000, 2001).
“Inter” – Italiya chempionati kumush medali sohibi (2002/2003).
“Aris” – Gretsiya Kubogi finalchisi (2010).
Misr terma jamoasi bilan Afrika Millatlar Kubogi finalchisi (2017), Jahon chempionati ishtirokchisi (2018).

Shaxsiy yutuqlari: 

Ispaniyaning “Yil murabbiyi” (1999)
UYEFAning “Yil murabbiyi” (2000).

O‘zA
3 798