O‘zA O`zbek

22.06.2018 20:20 Chop etish versiyasi

“Futbol do‘stlik uchun”: Tenglik, adolat, sog‘liq, g‘alaba, an’analar, tinchlik, sadoqat, faxr va do‘stlik

“Futbol do‘stlik uchun”: Tenglik, adolat, sog‘liq, g‘alaba, an’analar, tinchlik, sadoqat, faxr va do‘stlik Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Futbol do‘stlik uchun” ijtimoiy loyihasining 6-mavsumini o‘tkazdi.

Bu yil ijtimoiy loyihada dunyoning 211 ta mamlakatidan 1500 nafarga yaqin bolalar va milliy assotsiatsiya delegatlari, jami 5000 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashdi.

“Futbol do‘stlik uchun” tadbirida faxriy mehmon sifatida Rossiya milliy terma jamoasi sobiq hujumchisi Aleksandr Kerjakov, ispaniyalik taniqli darvozabon Iker Kasilyas, Saudiya Arabistoni terma jamoasi a’zosi Alsayyar Abdulrahmon kabi yulduzlar ishtirok etishdi.

O‘zbekistondan mazkur loyihada yosh darvozabon Muslim Abdumannopov va yosh jurnalist Mardon Ma’rupov ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy musobaqalari Moskvaning “Lokomotiv” klubi stadionida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda o‘zaro futbol o‘ynashdi. Jamoalarga kamyob sanalgan va yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan jonivorlar nomi qo‘yildi.

O‘zbekiston vakili Muslim Abdumannopov Kayman orollari, Isroil, Gibraltar, Mo‘g‘uliston va Lyuksemburg mamlakatlari a’zolari bilan birga “Western Gorilla” jamoasida ishtirok etdi.

Yosh jurnalist Mardon Ma’rupov esa chet ellik yosh hamkasblari bilan media-markaz orqali tadbirlarni yoritib bordi.

Keyin esa Yevropadagi eng katta usti yopiq akvarium hisoblangan "Moskvarium"da forum bo‘lib o‘tdi. Forum davomida ishtirokchilar dengiz jonivorlarini yaqindan tomosha qilish va ular haqida qiziqarli ma’lumotlarni bilib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

14 iyun kuni esa “Futbol do‘stlik uchun” loyihasi a’zolari Moskvadagi "Lujniki" stadionida JCH-2018ning ochilish o‘yini Rossiya - Saudiya Arabistoni uchrashuviga tashrif buyurishdi. Uchrashuv stadiondagi muxlislarga katta zavq bag‘ishladi.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – butun dunyodagi yosh avlod o‘rtasida do‘stlik, tinchlik, turli millat va madaniyat vakillariga hurmat kabi yuksak insoniy tushunchalarni targ‘ib qilishdan iborat.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu kabi loyihalarni hamisha qo‘llab-quvvatlashga va ularda faol ishtirok etishga tayyor.

“Menga ”Futbol do‘stlik uchun" loyihasi juda yoqdi. Biz bu loyiha davomida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan bolalar bilan tanishdik, yangi do‘stlar orttirdik.

O‘zbekiston haqida ularga so‘zlab berdim. Menga ushbu loyiha juda ham yoqdi", - deydi Mardon Ma’rupov.

“Futbol do‘stlik uchun” loyihasida qatnashganimdan juda xursandman. Men darvozabon sifatida ushbu loyihada qatnashdim. Afsuski, jamoamiz har uchala o‘yinda ham mag‘lub bo‘ldi. Ammo biz yanada yaxshi tayyorlanib, kelasi safar albatta g‘alaba qozonishga do‘stlarim bilan kelishib oldik. Menda ayniqsa, "Lujniki“ stadionida bo‘lib o‘tgan ochilish uchrashuvi katta taassurot qoldirdi. Jahon chempionatidan o‘rin olgan uchrashuvni stadionda tomosha qilish baxtiga erishganimdan juda xursandman”, - deydi Muslim Abdumannopov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur loyihada ikkinchi marta ishtirok etyapti. O‘tgan yili “Futbol do‘stlik uchun” loyihasida yurtimiz sharafini Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi vakili Ilyos Ahmedov (darvozabon) va yosh jurnalist Amir Sharipov himoya qilgandi.

O‘zA
1 887