O‘zA O`zbek

13.07.2018 12:07 Chop etish versiyasi

FUTBOL: Bosh hakam “Paxtakor”ga yordam berdi...mi?!

FUTBOL: Bosh hakam “Paxtakor”ga yordam berdi...mi?!
Kecha Pepsi Superliganing qoldirilgan 14-tur doirasidagi uchta o‘yin o‘tkazildi. Ulardan ayniqsa AGMK – “Paxtakor” o‘yini ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Olmaliqliklar o‘z maydonida chempionat karvonboshisi “Paxtakor”ni qabul qilishdi. Uchrashuvning 52-daqiqasida bosh hakam Vladislav Seytlin kutilmaganda mezbon futbolchisiga sariq kartochka ko‘rsatishni “o‘ylab topdi”. Uchrashuvni televizor qarshisida kuzatgan, hattoki stadiondagi tomoshabinlar ham bu pallada nima yuz berganini anglay olishmadi – to‘p o‘yinchining qo‘liga tegdi desa to‘pni oyog‘i bilan to‘xtatdi, raqibga qo‘pollik qilindi desa u yerda raqiblar bir-birlariga umuman yaqin emasdi. Xullas, bosh hakam Muzaffar Muzaffarovga sariq kartochka, uning ketidan esa qizil kartochka ko‘rsatib (avvalroq Muzaffarov ogohlantirilgan, bunisi esa ikkinchi sariq sifatida qizilga aylangandi), maydondan chetlashtirildi. TV suxandoni ham hakamni qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganligini, oxir-oqibat bu xato maydon egalarining mag‘lubiyatga uchraganini bir necha bor ta’kidladi.

O‘yindan keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘sha pallada “Paxtakor” o‘yinchisining chap qanotdan oshirgan to‘piga maydon markazida hujumga otlanayotgan Jaloliddin Masharipov bosh bilan zarba qo‘ymoqqa shaylangan paytda uning orqasidan yugurib kelayotgan Muzaffarov ruschalab “Tegma, o‘tkazib yubor”, deya baqirgan. Bu ovozni o‘z jamoadoshidan kelayotganiga amin bo‘lgan Masharipov to‘pga sakramay, uni o‘tkazib yuborgan. Bu holatni bosh hakam raqib raqibga nisbatan hurmatsizlik qilib, uni aldadi, deya xulosa qiladi va futbol qonun-qoidalariga muvofiq o‘yinni to‘xtatdi va Muzaffarovni jazoladi. Bu holatda bosh hakam balki o‘yin qoidasiga muvofiq hukm chiqargandir, ammo o‘yindan keyingi surishtiruvlar natijasida Muzaffarov haqiqatdan ham “O‘tkazib yubor” deya baqirganini, ammo buni raqib o‘yinchisiga emas, balki jamoadoshiga nisbatan aytganini tan oldi. Haqiqatdan ham o‘sha holatda Masharipov oldida “Olmaliq”ning yana bir o‘yinchisi ham bor edi. Xullas, bu jarayon ayni paytda O‘zPFL mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda. 
Ikkinchi bo‘limni deyarli o‘n kishi bo‘lib o‘tkazgan mezbonlarning turgan gapki o‘yin oxirigacha kuchi yetmadi. Uchrashuv yakuniga besh daqiqa qolganida tinimsiz hujumlar, ketma-ket xavfli vaziyatlar uyushtirayotgan “sherlar” nihoyat Jasur Yaxshiboyevning chiroyli usulda kiritgan goli evaziga g‘alaba qozonishdi.

“Bunyodkor” o‘z maydonida “Neftchi”ni mag‘lub etdi. Vaholanki, birinchi bo‘limda farg‘onaliklar hisobda oldinda borishayotgandi. Ikkinchi bo‘limda esa Javlon Ibrohimovning bir emas ikkita gol kiritishi jamoadoshlarini nafaqat mag‘lubiyatdan qutqardi, balki g‘alabasini ham ta’minladi.

“So‘g‘diyona” ham “Buxoro”ga hech qanday imkoniyat qoldirmay, yirik hisobda g‘alaba qozondi.

14-tur. 12-iyul
“BUNYODKOR” - “NЕFTCHI” - 2:1
Gollar: Javlon Ibrohimov (66, 69) - Sherzod Hakimov (42).

“SO‘G‘DIYONA” - “BUXORO” - 3:0 
Gollar: Nikola Milinkovich (48-pen.), Sanjar Rashidov (51), Shohruz Norxonov (54).

AGMK - “Paxtakor” 0:1 
Gol: Jasur Yaxshiboyev (86).

Bugun quyidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi:

19:00. “Lokomotiv” - “Navbahor”
20:00. “Qo‘qon-1912” - “Metallurg”
21:00. “Nasaf” – “Qizilqum”

O.Yunusov, O'zA
2 684