O‘zA O`zbek

30.10.2019 Chop etish versiyasi

Fargʻona viloyati jamoasi finalda ishtirok etadi

Fargʻona viloyati jamoasi finalda ishtirok etadi

Andijon shahridagi viloyat futbol akademiyasi oʻyingohida “Universiada-2019” sport musobaqalarining futbol sport turi boʻyicha hududiy saralash bosqichi yakuniga yetdi. Unda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari jamoalari gʻoliblik uchun oʻzaro bahslashdi.

Oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar oʻrtasida sportning qator turlari ommaviyligini oshirish, mahoratli sportchilarni aniqlash va ularning yanada yuqori natijalarga erishishlarida mazkur sport musobaqasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Universiada oʻyinlarida toblangan yuzlab sportchilarimiz jahon sport arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda.

Universiada sport musobaqasining hududiy saralash bosqichida millionlar oʻyini hisoblangan futbol musobaqasi qizgʻin kurashlar ostida oʻtdi.

Uch kun davomida aylanma tizimida oʻtkazilgan oʻyinlarda quyidagi natijalar qayd etildi:

Andijon viloyati – Namangan viloyati 1:3
Namangan viloyati – Fargʻona viloyati 1:1
Andijon viloyati – Fargʻona viloyati 1:3

Oʻyinlar aslida kecha yakunlangan. Biroq yuzaga kelgan mojaroli holat gʻolibni aniqlash imkonini bermadi. Ochko va gollar boʻyicha bir xil natijaga ega boʻlgan Fargʻona hamda Namangan viloyati jamoalarining oʻyinlardagi koʻrsatkichlari koʻrib chiqilib, gʻolib nomi eʼlon qilinadigan edi. Lekin Namangan viloyati jamoasi tarkibiga soxta hujjatlar asosida oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmaydigan professional futbolchilar kiritilganligi maʼlum boʻldi.

Mazkur holat masʼul va mutaxassislar tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilib, tegishli bayonnoma asosida Namangan viloyati jamoasiga har ikki oʻyin uchun texnik magʻlubiyat yozildi. Shunday qilib, Fargʻona viloyati jamoasi “Universiada – 2019” musobaqasi final bosqichida qatnashish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

608
F. UBAYDULLAYEV, Z.UMURZOQOV (surat), OʻzA