O‘zA O`zbek

04.11.2019 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyati hokimi sovrini kimlarga nasib etdi?

Farg‘ona viloyati hokimi sovrini kimlarga nasib etdi?

Farg‘ona shahridagi ko‘p tarmoqli sport majmuasida Farg‘ona viloyati hokimi sovrini uchun kikboksing bo‘yicha viloyat birinchiligi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Bolalar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvda shahar va tumanlardan yuzdan ortiq sportchilar ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish borasidagi ishlar o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsatmoqda. Yaqinda Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida Quva tumanilik Miraziz Mirzaxalilovning oltin medalni qo‘lga kiritgani ko‘plab yoshlarimizni sportga qiziqishi va ishtiyoqini oshirdi. Shahar va tumanlarda tashkil etilgan turli sport to‘garaklarida jahon chempioniga havas qilgan minglab sportchilar safining kengayib borayotgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Ularni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashda esa turli sport musobaqalarining o‘rni kattadir.

photo5327909868901870801.jpg

Farg‘ona shahrida yaqinda foydalanishga topshirilgan ko‘p tarmoqli sport majmuasi ikki kun davomida sport ishqibozlari bilan gavjum bo‘ldi.

Musobaqaning ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev ishtirok etdi va sportchilarga omad tiladi.


photo5328207222372674567.jpg
– Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish, g‘olib bo‘lgan sportchilarni rag‘batlantirish borasida davlat rahbarining yuksak e’tiborini viloyatimizda ham his etib turibmiz, – dedi viloyat hokimi. – Farg‘onalik sportlar xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Bu kabi musobaqalar umidli sportchilarni kashf etishga xizmat qiladi. 

Viloyat hokimi Xitoyda bo‘lib o‘tgan Butunjahon armiya o‘yinlari va O‘zbekiston chempionati g‘oliblarini, murabbiylarini 10-20 million so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirladi.

Sport arenasining markaziga o‘rnatilgan ringda turli vazn toifasida bolalar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahslar qizg‘in kurashlar ostida kechdi. Ayniqsa, turnirning eng navqiron 6 yoshli qatnashchilari Muhammadyusuf Jo‘raev va Mirjalol Qosimjonovlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang barchani olqishiga sazovor bo‘ldi. Hakamlar har ikki yosh sportchini g‘olib deb e’lon qildi. Niyatillo Mahmudov, Muhammadyoqub Jo‘raev, Nurmatjon Ismoilov, Xojiakbar Kahhorov, Shoxjaxon Jo‘raev, Oyatillo Qodirov, Temur Orlov, Jasurbek Sharafiddinovlar g‘olib bo‘ldi. Professional janglarda esa Amurbek Jo‘raev hamda Husniddin Mahmudovlar tengdoshlarini imkoniyatsiz qoldirib, chempionat kamari sohibiga aylanishdi.

Yoshlar va kattalar o‘rtasida turli vazn toifasida bo‘lib o‘tgan musobaqa g‘olib va sovrindorlari medal hamda viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

1 029
M. SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), O‘zA