O‘zA O`zbek

05.10.2019 Chop etish versiyasi

Fargʻona shahrida koʻp tarmoqli sport majmuasi foydalanishga topshirildi

Fargʻona shahrida koʻp tarmoqli sport majmuasi foydalanishga topshirildi

Majmuaning ochilishi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda viloyat va shahar hokimliklari, sport sohasi vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari F. Qosimov, Fargʻona shahar hokimi H. Habibiddinov va boshqalar mamlakatimizda olib borilayotgan keng miqyosli islohotlarda sogʻlom va barkamol yosh avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganligini taʼkidladi. Xususan, 2019-2023-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi bunda muhim ahamiyat kasb etayotir. Joylarda yangi sport obyektlari ishga tushirilib, yoshlar sogʻlom turmush tarziga faol jalb etilmoqda. Professional sportchilarning mashgʻulotlar oʻtkazishi, mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda tatbiq etilgan 5 ta muhim tashabbusning biri boʻlgan yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish yangicha tizimda amalga oshirilmoqda. Barcha hududlarida, hatto eng olis qishloqlarda ham zamonaviy va foydalanish uchun qulay sport infratuzilmasi barpo etilmoqda. Bu yilning oʻzida Fargʻona viloyatida 60 dan ziyod sport maskanlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada sport bilan doimiy shugʻullanadiganlar soni ikki barobar koʻpaydi.Eng muhimi, yoshlarimiz orasida nufuzli sport musobaqalari, jahon chempionatlarining gʻolib va sovrindorlari yetishib chiqmoqda. Bugungi kunda viloyat sportchilaridan 2020-yil Tokioda boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etishi kutilayotgan 37 nafar nomzod sportchilar roʻyxati shakllantirildi.

Fargʻona shahri markazida yangi ish boshlagan koʻp tarmoqli zamonaviy sport majmuasi ham yoshlar va sportchilarga katta tuhfa boʻldi. Mazkur sport majmuasi 2 yil davomida qurib bitkazildi. Margʻilon shahridagi “426-xoʻjaliklararo ixtisoslashgan koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonna” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bu yerda sportning yakka kurashlari turlariga ixtisoslashtirilgan 4 ta zal va 4 ming oʻrinlik katta arena barpo etildi. Buning uchun Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasidan 40 milliard 356 million soʻm mablagʻ sarflandi.

Majmua yil davomida sportning turli yoʻnalishlari bilan shugʻullanish, respublika va yirik xalqaro musobaqalar oʻtkazish, yuksak malakali sportchilarni tayyorlash va eng asosiysi yoshlarimizni ommaviy sport turlariga keng jalb etishga xizmat qiladi. Bu yerda erkin kurash, boks, badiiy gimastika kabi sport toʻgaraklarida yoshlar muntazam shugʻullanishni boshlashdi.

501
M. Sulaymonov, M. Qodirov (surat), OʻzA