O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Ertaga voleybol bo‘yicha “Toshkent-2019” xalqaro turniri start oladi

Ertaga voleybol bo‘yicha “Toshkent-2019” xalqaro turniri start oladi

Mamlakatimizda ommaviyligi borasida eng yuqori o‘rinlardan birini egallaydigan voleybol sportiga bo‘lgan e’tibor ham asta-sekin o‘zgarmoqda. Buning tasdig‘i sifatida ilk marotaba poytaxtimizda Markaziy Osiyo davlatlarining erkaklar milliy terma jamoalari o‘rtasida “Toshkent-2019” xalqaro turniri o‘tkazilayotganini aytish mumkin.

8-10 noyabr kunlari Toshkent temir yo‘llar muhandislari instituti sport majmuasi mezbonlik qiladigan musobaqada O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston Respublikalarining milliy terma jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib boradi.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi binosida “Toshkent-2019” xalqaro turniri ishtirokchilari o‘rtasida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov ishtirok etdi hamda barcha jamoalarga bo‘lajak musobaqalarda omad tiladi.

Voleybol bo‘yicha “Toshkent-2019” xalqaro turnirini Tojikiston va Turkmaniston terma jamoalari boshlab berishadi. Mazkur o‘yin soat 10:00da start oladi. Shundan so‘ng musobaqaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazilsa, kunning ikkinchi yarmida maydonga musobaqa mezbonlari O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston voleybolchilari tushadi. Davraviy tizimda o‘tadigan musobaqa g‘olibi 10 noyabr kuni aniqlanadi.

“Toshkent-2019” xalqaro turniri taqvimi.

8 noyabr, juma

10:00 Turkmaniston – Tojikiston

14:30 O‘zbekiston – Qirg‘iziston

9 noyabr, shanba

10:00 Qirg‘iziston – Turkmaniston

14:30 Tojikiston – O‘zbekiston

10 noyabr, yakshanba

10:00 Tojikiston – Qirg‘iziston

14:30 O‘zbekiston – Turkmaniston

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati



1 033
O'zA