O‘zA O`zbek

19.09.2018 10:05 Chop etish versiyasi

Eng tezkor va matonatli atletlar bahsi

Eng tezkor va matonatli atletlar bahsi

“Buxoro” stadionida yengil atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston ochiq turniri oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 250 dan ziyod yosh atletlar gʻoliblik uchun oʻzaro bahslashdi.

Turnirning 3000 metr masofaga sportcha yurish bahslarida Zulayho Hotamova hamda Shahzod Lutfullayev birinchi oʻrinni egalladi. 110 metr va 100 metrga toʻsiqlar osha yugurishda Mirzabek Abduxalilov va Xanifa Abdumutalovaga teng keladigani topilmadi.

Turli masofalarga yugurish bellashuvlarida Timur Ismoilov, Farrux Sultonbayev, Yermek Xojametov, Aziza Temirova, Madina Ismatova, Farida Gazizova, Feruza Rahimova, Ruhshona Qodirova marraga birinchi boʻlib yetib keldi.

Uzunlik va balandlikka sakrashda Nodir Norboyev, Ibrohim Roʻzijonov, Rayhona Hamroyeva, Barno Sayfullayeva eng yuqori natijani qayd etdi. Koptok va yadro uloqtirishda Mirzabek Abduxalilov, Otabek Abdullayev, Charos Abdualimova, Diana Abduqodirova oltin medalni qoʻlga kiritdi.

Uchkurash bellashuvlarida Ibrohim Roʻzijonov 1388 ochko bilan, Anna Chikolova esa 1411 ochko bilan birinchi pogʻonadan joy oldi.

Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA
1 373