O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Eng kuchli poygachilar aniqlandi

Eng kuchli poygachilar aniqlandi

Poytaxtimizdagi Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida “Supermotokross” bo‘yicha “Vatanparvar” tashkiloti sovrini uchun musobaqa o‘tkazildi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar“ tashkiloti tashkil etilganining 28 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur musobaqasi ochilish marosimida Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi bosh direktori Sh.Ismatillaev va boshqalar so‘zga chiqib, tashkilot tizimida Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan triatlon va aviamodel sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Buning samarasida mamlakatimizda aholi o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlari jadal ommalashayotganini ta’kidladi.

Musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan sportchilar bilan bir qatorda Qozog‘iston hamda Rossiya motokroschilari g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqaning 85 santimetr kub sinfidagi poygalarda qozog‘istonlik Nikita Karnauxov birinchi bo‘lib marraga yetib kelgan bo‘lsa, hamyurtlarimizdan Abrorbek Jumanov va Jasurbek Samadov ikkinchi hamda uchinchi pog‘onadan joy oldi.

125 santimetr kub sinfida Vladimir Radostoves (Qozog‘iston), Baxtiyor Ahmedov (O‘zbekiston) va Shavkat Suleymanov (O‘zbekiston) shohsupaga ko‘tariladi. Hajmi 500 santimetr kub bo‘lgan motosikllarda o‘tgan bahslarda Andrey Sazonov (O‘zbekiston), Aleksandr Sviridenko (Rossiya) va Sergey Davletyorov (O‘zbekiston) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Musobaqa g‘oliblari O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar“ tashkiloti markaziy kengashi, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazining diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

527
Javohir TOShXO‘JAEV, O‘zA