O‘zA O`zbek

10.09.2019 Chop etish versiyasi

E’tibor va imkoniyat sportdagi g‘alabaning asosiy omillaridir

E’tibor va imkoniyat sportdagi g‘alabaning asosiy omillaridir

Hech narsa mamlakatni sportchalik jahonga tez tanitolmaydi. Shu bois, har qanday davlat yoshlarni sportga jalb qilishga alohida e’tibor qaratadi, nufuzli musobaqalarda g‘olib chiqishi uchun zarur sharoitlar yaratib beradi. Eng muhimi, shu yo‘l bilan avlodlarni sog‘lom tarbiyalashga erishadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 4 sentabr kuni mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ana shu jihatlarga alohida urg‘u berildi.

Yig‘ilishda 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik qoniqarli emasligi tanqid qilinib, qator sport federatsiyalari va hokimliklarga yuqori natijalarni qo‘lga kiritish salohiyatiga ega sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga barcha sharoitlarni yaratib berish zarurligi qat’iy ta’kidlandi.

Shuningdek, sport yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari, federatsiyalar moddiy-texnik bazasini yaxshilash, sport farmakologiyasiga alohida e’tibor qaratish, Respublika sport tibbiyoti markazi faoliyatini takomillashtirish, federatsiyalarda ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi.

Gap sportni rivojlantirish haqida borar ekan, ba’zi sportchilarning turli sabablarga ko‘ra boshqa sohaga o‘tib ketishga majbur bo‘lganini ham ochiq aytish kerak.

– Otam biz, uch aka-ukaning ham bokschi bo‘lishini orzu qilar edi. O‘n yoshimdan ushbu sport turi bilan shug‘ullana boshladim. Turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Lekin sobiq Ittifoq davrida ma’lum sabablarga ko‘ra xorijda o‘tkaziladigan xalqaro turnirlarda qatnasha olmas edik. Faqat mustaqillikkina bizga ana shu imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Turli davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnashdik, – deydi “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha bronza medal sovrindori Karim To‘laganov.

1996 yili AQShning Atlanta shahri mezbonlik qilgan Olimpiadaga O‘zbekistondan bir yo‘la yetti nafar bokschi yo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Vaholanki, bunaqasini 5-6 yil avval tasavvur qilishning o‘zi qiyin edi. Aniqrog‘i, bu chinakamiga tarixiy voqea bo‘lgan.

Albatta, yosh mustaqil davlatimiz uchun murakkab yillar. Shunday bo‘lsa-da, musobaqaga ketishimizdan oldin sport sohasi mutasaddilari, hokimlar bizga katta va’dalar berib yubordi. Jumladan, men yashaydigan tuman hokimi agar sovrindorlar safidan joy olsam, uy qurib berishini aytdi. Bu bizning ruhimizni juda ko‘targan. Lekin...

Uchta jangni muvaffaqiyatli o‘tkazdim, biroq hal qiluvchi pallada atlantalik raqibimning qo‘li baland keldi. Chunki, nazarimda bizning murabbiylar mening g‘alaba qozonishimni u qadar ham xushlamadi. Men buni ularning xatti-harakatidan payqab qoldim. Negaki, o‘sha murabbiylarning shogirdlari mag‘lubiyatga uchragan, mening g‘alabam ularni qiziqtirmas edi. Bu ruhiyatimga qattiq ta’sir qildi. Ruhiy jihatdan hal qiluvchi jangga tayyor emas edim. O‘sha damda eng yaxshi sportchi ekanimni isbotlash uchun ham g‘alaba qozonishim shartligi xayolimga kelmadi, irodam bo‘shlik qildi. Bronza medal bilan cheklandim. Aslida, bu ham yomon natija emas edi, axir sovrindorlar safidan joy oldim-da. Yurtga qaytganimizdan keyin aksariyat va’dalar unutildi. Ayniqsa, hayotda eng muhimi – uy berishni va’da qilgan hokim so‘zida turmadi. Haqimni talab qilganim uchun o‘sha vaqtdagi boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi rahbari menga qattiq tanbeh berdi.

Terma jamoa safida birinchi raqamda harakat qilardim. O‘sha paytlar biz Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro turnirga tayyorgarlik ko‘rayotgan edik. Sportchiga qulay sharoit yaratib berilmasa yoki oilasida muammo bo‘lsa, bu ruhiyatga salbiy ta’sir qiladi, ko‘ngildagiday shug‘ullana olmaydi. Men bilan ham shunday bo‘ldi. Indoneziyadagi xalqaro turnirga uch kun qolganda terma jamoani tark etdim.

Keyin O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida xizmat qildim. Shu bilan birga, turli xalqaro musobaqalarda qatnashib yurdik. Xususan, Germaniyaning Varendorf shahrida o‘tgan turnirning saralash bosqichida barcha raqiblarimizni mag‘lub etdik. Ular o‘sha janglarni videoga yozib olib, bizning jang qilish uslubimizni yaxshilab o‘rganishibdi. Finalda barcha o‘zbek bokschilari mag‘lub bo‘ldi.

Sportchilar o‘z ustida ishlashidan tashqari, raqib xatti-harakatini ham o‘rganishi kerak, bu g‘alabaga yo‘l ochadi. O‘sha vaqtda raqibning jang taktikasini o‘rganish uchun bizda hech qanday imkoniyat bo‘lmagan. Bugungi kunda XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan milliy terma jamoa sportchilari, jumladan, erkin kurash, yunon-rum kurashi, boks, dzyudo, karate, taekvondo, og‘ir atletika, suzish, eshkak eshish sport turlari bo‘yicha raqiblarini video tasvirlar orqali o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

1999 yil Parijda bo‘lib o‘tgan Yevropa ochiq chempionatida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Professional boksda ham samarali faoliyat yuritdim. 2000 yil yo bokcni, yo harbiy xizmatni tanlashimga to‘g‘ri keldi. AQSh va Fransiyaga professional boksga taklif qilishdi. Men esa O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida qoldim. Harbiy qismlarda jismoniy tarbiya va sport ishlari bo‘yicha faoliyat yuritdim.

Terma jamoa safidan ketishimga sabab bo‘lgan voqealarni ko‘p eslayman. To‘g‘ri, o‘sha paytda sportchilarni moddiy rag‘batlantirish bo‘lgan, ammo ko‘p va’dalar va’daligicha qolgan. Ochiq aytish kerak, o‘sha paytlarda sohadagi ayrim rahbarlar sportchilardan o‘z maqsadi yo‘lida foydalandi ham. Ko‘p sportchilar aldangani, tizimda yetarlicha sharoit yaratib berilmagani sabab sportni tark etdi. Sportdan o‘z joyini topolmagan tengdoshlarim bugun boshqa kasbda ishlab, ro‘zg‘or tebratmoqda. O‘shanda ularga imkoniyat yaratib berilganida hozir Olimpiada chempionlari yanada ko‘p bo‘larmidi. Yoki ular bugun eng yaxshi boks murabbiysi sifatida yana ko‘plab chempionlarni tarbiyalab berishardi, ehtimol...

Bugungi kunda esa sportchilarimizga barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Masalan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shu choqqacha orzu ham qilmaganimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishgan sportchilarga doimiy nafaqa tayinlandi. Nokamtarlik bo‘lsa ham g‘urur bilan aytaman, o‘shalar safida men ham borman. Yoshligida yuksak natijaga erishsa bir umr moddiy rag‘batlantirilishini bilgan qaysi bola sport bilan jiddiy shug‘ullanmaydi, kerak bo‘lsa, jonini berib shunga harakat qilmaydi, deysiz? Shug‘ullanadi, qiladi. Chunki orqasida Vatani, xalqi turganini, Prezidentning o‘zi kafil ekanini bilgan har qanday sog‘lom bola shunga intiladi. Ota-ona ham to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun bugungi yoshlarga havasim keladi. Ayni paytda Zangiota tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida yoshlarga murabbiylik qilayapman...

XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik

Bugungi kunda 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun saralab olingan 420 sportchining oila a’zolari bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilib, viloyat va tuman hokimligi tomonidan moddiy yordamlar ajratilmoqda.

Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilar tibbiy-biologik hamda farmakologik dori vositalaridan o‘z vaqtida, maqsadli foydalanmoqda. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan 936 nomdagi 8 farmakologik guruhga oid 62 yurtimizda va xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalari ko‘rib chiqildi.

Butunjahon antidoping agentligining (WADA) taqiqlangan dori vositalar ro‘yxatiga kirmagan, sportda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan 260 dan ortiq dori vositalari ro‘yxati shakllantirildi.

Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan milliy terma jamoa a’zolari Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazida yiliga ikki marta chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiyot mutaxassislari tomonidan tegishli xulosalar beriladi. Jumladan, sportchilarimiz 2019 yil 27 avgustdan boshlab Rossiya Federatsiyasidan kelgan tajribali mutaxassislar tomonidan navbatdagi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, terma jamoalar a’zolarining tibbiy jarrohlik davolanishi ham amalga oshirilmoqda.

Terma jamoalarga malakali psixolog, dietolog va massajchi kadrlar biriktirilgan. Hozirgi kunda federatsiyalarda 10 nafar vrach, 17 massajchi, 9 dietolog va 16 psixolog faoliyat olib bormoqda.

Yuqorida Karim To‘laganov ta’kidlaganidek, har qanday bellashuvda sportchining ruhiy holati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mashg‘ulotlar jarayonida ham, musobaqa davomida tananing aqliy faoliyati va xatti-harakatini tartibga solish talab etiladi. Aks holda, g‘alaba haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Bunda sportchiga psixolog yordami juda zarur bo‘ladi.

Shu jihat hisobga olinib, har bir sport turi uchun mo‘ljallangan individual psixologik xarakterga ega dasturlar ishlab chiqilgan. Dasturlarda har bir sportchining psixologik xususiyatini o‘rganish, murabbiylarning bu boradagi qobiliyatini oshirish, sportchini yoki jamoani ma’nan qo‘llab-quvvatlash, mashg‘ulotlar jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam beradigan psixologik munosabatni rivojlantirish, stressni yengillashtiruvchi vositalarni ishlab chiqish kabi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, musobaqada, zaxiradan katta sportga o‘tishda yuzaga keladigan jiddiy psixologik muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Sport turlari bo‘yicha xorijiy murabbiylar taklif etildi

Mamlakatimizda barcha sport turlari bo‘yicha yuqori malakali murabbiylar faoliyat olib bormoqda. Milliy terma jamoalarda faoliyat yuritayotgan 114 nafar murabbiyning barchasi tegishli sertifikatga ega. Xalqaro sport federatsiyalari tomonidan tashkil etiladigan xalqaro seminarlarda karate, taekvondo, og‘ir atletika, futbol, gimnastika sport turlari, suzish, boks, dzyudo bo‘yicha milliy terma jamoalar murabbiylari ishtirok etib, malaka oshiradi.

Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash maqsadida futbol, kamondan otish, gimnastika, sport kurashlari, og‘ir atletika, qilichbozlik, tennis va suzish federatsiyalariga chet eldan 12 mutaxassis-trener, shuningdek, yunon-rum kurashi, erkin kurash, baydarka va kanoeda eshkak eshish, suv polosi, qilichbozlik, zamonaviy besh kurash bo‘yicha 15 mahoratli sportchi jalb etildi.

Yana bir xabar: 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sport liboslari jamlanmasi dizaynini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilingan. Ushbu Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan muxlislar uchun ham alohida sport kiyimlari dizayni yaratilmoqda.

Bularning barchasi xalqaro maydonda Vatanimiz sha’nini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalash, bu yo‘lda ularga zamonaviy sharoitlar yaratish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, muxtasar aytganda, O‘zbekiston nomini jahon uzra yanada keng tarannum etishga qaratilgan.

1 691
Xurshid QODIROV, O‘zA