Dzyudochilarimiz g‘alabalari
Mamlakatimiz dzyudochilari xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz dzyudochilari xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida davom etayotgan Gran-pri turkumiga kiruvchi turnirda Sharofiddin Lutfullayev oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Musobaqada qirqdan ziyod davlatdan uch yuz nafardan ortiq dzyudochi sovrinli o‘rinlar va 2016-yili Braziliyada o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun bahslashmoqda.
Sharofiddin Lutfullayev 60 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida fransiyalik Volid Hiar, qozog‘istonlik Yeldos Smetov, mezbon sportchi Amiran Papinashvili, hal qiluvchi bahsda germaniyalik Tobias Englmayerni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Ushbu vaznda sportchimiz Diyorbek O‘rozboyev bronza medal bilan taqdirlandi.
Fransiyada tashkil etilgan o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari uchtadan oltin va kumush, ikkita bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Iqtidorli dzyudochilarimizdan Bobur Sharifjonov, Jayhulboq Nazarov va Rahmatulla Qosimov o‘z vazn toifasida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Hamyurtlarimizdan Dilshod Bahodirov, Mirshod Rahmonov va Azizbek Ashurov ikkinchi, Islombek Ravshanqulov va Muhammadali Mamanazarov uchinchi o‘rinni egalladi.