O‘zA O`zbek

03.08.2020 Chop etish versiyasi

DUSHANBADAN DUSHANBAGACHA: jahon sportida qanday yangiliklar?

DUSHANBADAN DUSHANBAGACHA: jahon sportida qanday yangiliklar?

Oʻzbekistonda:

Para atletikaning yadro uloqtirish turi boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi. Onlayn tarzda oʻtkazilgan ushbu musobaqaning final qismida viloyatlardan jami 19 nafar saralangan sportchi ishtirok etdi.

Bu sportchilarning 19 nafar sportchidan 12 nafari Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi jahon reyting jadvali natijalari bilan taqqoslaganda, ularga nisbatan yaxshiroq koʻrsatgich qayd etdi. Bundan tashqari, Nurxon Qurbonova, Muhammadjon Reximov, Dilafruz Axmadxonova hamda Elbek Sultonov oʻzlarining shaxsiy natijalarini yangilashga erishdi.

***

Germaniyaning Ninburg shahrida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha “32. Nienburg Reiterfest” turniri oʻtkazildi va unda hamyurtmiz Bekzod Qurbonov sovrindorlar qatoridan joy oldi.

photo_2020-08-03_16-35-30.jpg

Bahslar yakuniga koʻra balandligi 135 sm boʻlgan toʻsiqlardan oʻtish bellashuvlarida Bekzod 60 nafar sportchisi orasida musobaqaning kumush medaliga sazovor boʻldi. 70 nafar ishtirokchi bahs olib borgan balandligi 140 sm.ni tashkil etgan yoʻnalishda esa sportchimiz bronza medali bilan taqdirlandi.

***

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra Oʻzbekistonda joriy etilgan karantin cheklovlari joriy yilning 15-avgustiga qadar uzaytirildi. Oʻzbekiston Professional futbol ligasi ham mazkur qarorni hayotga tatbiq qilish, yurtimizdagi epidemiologik vaziyatning tobora jiddiylashib borayotganligini inobatga olib 15-avgustga qadar barcha futbol musobaqalarini (Superliga, Prol-liga, 1-liga, Ayollar va futzal chempionatlari) vaqtincha toʻxtatishga qaror qildi.

***

photo_2020-08-03_16-35-33.jpg

“Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi, 18 yoshli yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov Moskva “temiryoʻlchilari” bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi. Jasur “Lokomotiv” safida 23-raqamda oʻynaydi.

***

OFK 2021 va 2022-yilgi Osiyo chempionlar ligasi va OFK Kubogi uchun kvotalarni rasman eʼlon qildi. Unga koʻra oldindan kutilganidek Oʻzbekiston keyingi ikki yil uchun OCHLda 1+1 koʻrinishida kvotaga ega boʻladi.

Bu degani Oʻzbekiston chempioni toʻgʻridan-toʻgʻri OCHLning guruh bosqichida qatnashsa, yana bir klubimiz musobaqani pley-off bosqichidan boshlaydi.

Shuningdek, Superliga vitse-chempioni OFK Kubogi guruh bosqichida faoliyat yuritadi. Agar Coca-Cola Kubogi gʻolibi OCHL guruh bosqichiga yoʻl olgan taqdirdagina OFK Kubogida Superligamizda ikkinchi oʻrinni olgan jamoaning ishtirok etishiga izn beriladi. Mabodo, Oʻzbekiston Kubogi sohibi OCHL saralash oʻyinlaridan nariga oʻtolmasa u holda uning oʻzi OFK Kubogi guruh bosqichida oʻynaydi, Coca-Cola Superliga vitse-chempioni esa xalqaro maydonsiz qoladi.

Jahonda:

Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) bokschilarning yangilangan reytingini eʼlon qildi.

Unga koʻra, reytingdan olti nafar oʻzbekistonlik bokschi oʻrin olgan. Charm qoʻlqop ustalarimiz avvalgi oydagi reytinglarini saqlab qolishgan.

photo_2020-08-03_16-35-37.jpg

Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Ahmadaliyev shuningdek IBF yoʻnalishi chempioni ham hisoblanadi. Birinchi yarim oʻrta vazn toifasida (-63,5 kg) janglarini olib borayotgan ikki bokschimiz avvalgi oydagi kabi oʻrinlarida qolishgan. Shahram Gʻiyosov oltin, Shohjahon Ergashev esa yettinchi pogʻonani egallab turibdi. Birinchi oʻrta vazn (-69,85 kg) toifasida Isroil Madrimov esa ikkinchi oʻrinda turibdi. Ikkinchi oʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev (-76,2 kg) esa 15-oʻringa joylashgan. U ayni paytda WBA Continental Americas kamari sohibi boʻlib turibdi. Yarimogʻir vazn toifasida (-79,3 kg) Rustam Toʻlaganov ham TOP-15dagi oʻrnini saqlab qolgan - 15-oʻrin.

***

Buyuk Britaniyaning Brentvud shahrida Matchroom Boxing tomonidan pandemiyadan soʻng ilk boks kechasi boʻlib oʻtdi. Kechaning markaziy jangida IBF International kamari sohibi Sem Eggington Ted Chisoraga qarshi ringga koʻtarildi. Oʻn ikki raundga moʻljallangan bahs toʻliq davom etdi va ochkolar hisobiga koʻra Ted gʻalaba qozondi.

***

AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahrida yana bir UFC turniri boʻlib oʻtdi. UFC Fight Night 173 turnirining eng yaxshi jangi sifatida Bobbi Grin va Lendo Vannata oʻrtasidagi toʻqnashuv tan olindi. Har ikki jangchi kafolatlangan gonorardan tashqari qoʻshimcha 50 ming dollardan bonusni qoʻlga kiritishdi. Shuningdek, yorqin janglari uchun Visente Luke va Jennifer Mayya ham 50 ming dollarlik bonusga ega boʻlishdi. Ular mos ravishda Rendi Braun va Joann Kaldervudni magʻlubiyatga uchratishdi.

***

photo_2020-08-03_16-35-42.jpg

Yengil vazn toifasida UFC chempioni Xabib Nurmagomedov hamda vaqtinchalik kamar sohibi Jastin Getji oʻrtasidagi jang manzili maʼlum boʻldi. Abu-Dabining Yas orolida barpo etilgan “Janglar oroli”da, 24-oktyabr kuni UFC 254 kechasida oʻtkaziladigan boʻldi.

***

Bir necha oylik tanaffusdan soʻng Milliy basketbol assotsiatsiyasida chempionat oʻyinlari start oldi. Restartning ilk oʻyinidayoq amerikalik afsonaviy basketbolchi LeBron Jeyms yana bir afsona Kobi Brayantga tegishli rekordni yangilashga muvaffaq boʻldi. Uchrashuvda “Los-Anjeles Leykers” “Los-Anjeles Klippers” jamoasini 103:101 hisobida taslim etdi.

Shu tariqa, LeBron Jeyms Muntazam chempionatdagi oʻzining 837-gʻalabasini tantana qildi. Kobi Brayantning gʻalabalari soni 836 ta edi. Bu koʻrsatkich boʻyicha rekordi Karim Abdul-Jabbor boʻlib, uning hisobida 1074 ta gʻalaba bor.

***

Buyuk Britaniyaning Silverstoun trassasida navbatdagi Formula-1 gran-prisi tashkil etildi. Musobaqaning ikkinchi saralash sinov poygasida “Reysing Poynt” vakili Lens Stroll birinchi oʻrinni egalladi. Kuchli uchlikdan “Red Bull” piloti Aleksander Albon va “Mersedes” aʼzosi Valterri Bottas joy olishgan.

***

Futbol boʻyicha Fransiya Liga Kubogida PSJ 9-bor bosh sovrin sohibi boʻldi. Jamoa bu muvaffaqiyatga Liga Kubogi finalida “Lion”ni yengib erishdi. Uchrashuvning asosiy va qoʻshimcha boʻlimlarida hisob ochilmadi, penaltilar ceriyasida esa PSJ 6:5 hisobida gʻalaba qozondi. Bu gʻalaba parijliklarning joriy mavsumda mamlakatdagi barcha toʻrtta sovrinni oʻziniki qilishiga asos boʻldi. Bungacha klub mamlakat chempionligi, kubogi va Superkubokda zafar quchgandi.

***

Shveysariyada ham yangi chempion nomi maʼlum boʻldi. Mamlakat chempionatining 35-tur doirasida “Yang Boyz” “Syon” (1:0)ga qarshi oʻyinda gʻalaba qozondi va ikkinchi oʻrindagi “Sankt-Gallen”ni 5 ochkoga ortda qoldirgan holda, chempionat tugashiga bir tur qolganda muddatidan oldin Shveysariya chempioniga aylandi. “Yang Boayz” ketma-ket uch marta chempion boʻldi va oʻz tarixidagi 14-chempionlikni nishonladi.

***

Italiya chempionati ham nihoyasiga yetdi. Bir tur avval “Yuventus” muddatidan oldin chempion boʻlgandi, soʻnggi 38-turda esa “Inter” kumush medalni “Atalanta”dan “tortib” oldi.

photo_2020-08-03_16-35-48.jpg

“Latsio” hujumchisi Chiro Immobile 36ta goli bilan Yevropa milliy chempionatlarida toʻp tepadigan futbolchilar orasida eng yaxshi toʻpurar degan nomga sazovor boʻldi. Italiyalik hujumchi faoliyati davomida ilk marotaba “Oltin butsa” sovrinni qoʻlga kiritdi. U bu yoʻlda Robert Levandovski (“Bavariya”, 34 gol), Krishtianu Ronaldu (“Yuventus”, 31 gol), Timo Verner (“Leypsig”, 28 gol), Lionel Messi (“Barselona”, 25 gol) kabi jahon yulduzlarini ortda qoldirdi. “Oltin butsa” sovrini 1968-yildan buyon Yevropaning eng yaxshi toʻpurariga topshirib kelinadi. Messi ushbu sovrinni qoʻlga kiritish borasida mutlaq rekordsmen hisoblanadi. U olti bor “Oltin butsa”ga ega chiqqan. Krishtianu Ronalduning hisobida esa toʻrtta “Oltin butsa” bor. Shuningdek, yana 9 nafar futbolchi ikki martadan ushbu sovrinni qoʻlga kiritishgan.

***

Angliya Kubogi finalida chempionat sovrinlaridan “quruq” qolgan ikki jamoa – “Chelsi” va “Arsenal” klublari oʻzaro roʻbaroʻ kelishdi. Hal qiluvchi oʻyinda aslida hisobni ochish mehmonlarga – “Chelsi” vakillariga nasib etgandi. Pulishich ikkala tomon futbolchilari hali maydonga koʻnikib ulgurmasidanoq darvozani nishonga oldi. Biroq mezbonlar ham koʻp oʻtmay hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻlishdi, ikkinchi boʻlimning yarmida esa maydon egalari ikkinchi toʻpini kiritishdi. Muhimi, har ikkala toʻpga ham Obameyang mualliflik qildi. Shu tarzda “Arsenal” Kubok oʻyinlaridagi oʻzining 14-gʻalabasini nishonladi.

photo_2020-08-03_16-35-53.jpg

Shu orqali “kanonirlar” Angliya Superkubogi uchun bahsda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Endi “Arsenal” Angliya chempioni “Liverpul”ga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 29-avgust kuni “Uembli” stadionida boʻlib oʻtadi.

APLning navbatdagi mavsumi esa 12-sentyabr kuni start olishi rejalashtirilgan.

***

Portugaliyadagi “Syudad-di-Koimbra” stadionida mamlakat kubogining final bellashuvi boʻlib oʻtdi. Hal qiluvchi final oʻyinida “Benfika” va “Portu” oʻzaro kuch sinashdi. Unda 2:1 hisobida gʻolib chiqqan “ajdarlar” 17-bor Portugaliya kubogini qoʻlga kiritishdi. Bu borada ular “Sporting”ga tenglashib olishdi. Kubokda gʻolib chiqish boʻyicha rekordchi “Benfika” (26-marta) hisoblanadi. Taʼkidlash joiz, Serjiu Konseysao murabbiyligidagi “Portu” ushbu mavsumda mamlakat chempionligini ham qoʻlga kiritgandi.

***

Rossiya Premyer-ligasi mavsum yakunlariga koʻra eng yaxshilarni aniqlash maqsadida oʻtkazgan soʻrovnomasining natijalarini eʼlon qildi. Unga koʻra:

photo_2020-08-03_16-50-40.jpg

Eng yaxshi murabbiy – Sergey Semak (“Zenit”)
Eng yaxshi yosh futbolchi – Xvicha Kvarasxeliya (“Rubin”)
Eng yaxshi darvozabon – Aleksandr Belenov (“Ufa”)
Eng yaxshi hakam – Vladislav Bezborodov
Eng yaxshi gol – Jorje Despotovich (“Orenburg” safida “Ahmat” darvozasiga “Ronaldu uslubi”da)
Eng yaxshi futbolchi – Artyom Dzyuba (“Zenit”)
Adolat tamoyillari va halol oʻyin koʻrsatgani uchun “feyr-pley” sovrini – “Zenit”
Eng yaxshi yaxshi toʻpurarlar – Artyom Dzyuba va Sardor Azmun (ikkalasi ham “Zenit”dan, ikkalasida ham 17 tadan gol).

***

Turkiya Kubogi finalida “Trabzonspor” “Alanyaspor” klubini 2:0 hisobida magʻlub etdi va toʻqqizinchi sovrinini qoʻlga kiritdi. Natijada trabzonliklar bu borada “Beshiktosh” bilan tenglashib oldi. Kubokni qoʻlga kiritish boʻyicha rekord “Galatasaroy”ga tegishli — 18-marta.

11 113
Oybek YUNUSOV, OʻzA