Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2018 22:35 Chop etish versiyasi

Dunyo polvonlari Toshkentda bellashdi

Dunyo polvonlari Toshkentda bellashdi Poytaxtimizda kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning 40 ta davlatidan kelgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Kurash xalqaro assotsiatsiyasi va mamlakatimiz kurash federatsiyasi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli turnirning umumiy sovrin jamgʻarmasi 100 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 oktyabrdagi “Kurash” milliy sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori milliy kurashni mamlakatimiz, xalqaro miqyosda yanada rivojlantirish va ommalashtirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.

Qator mamlakatlarda kurash boʻyicha jahon va qitʼa chempionatlari, nufuzli turnirlar muntazam oʻtkazilayotgani, 2007-2008 yillarda Makao va Vyetnamda oʻtgan II va III Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida, 2009 yili Tailandda Jangovar yakkakurashlar boʻyicha I Osiyo oʻyinlarida, 2014 va 2016 yillarda Tailand va Vyetnamda oʻtgan Osiyo sohil oʻyinlarida, 2013 yili Janubiy Koreyada va 2017 yili Turkmanistonda oʻtkazilgan Yopiq inshootlarda va jang sanʼatlari boʻyicha Osiyo oʻyinlarida kurash boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtgani, 2018 yili Indoneziyada oʻtkazilgan yozgi XVIII Osiyo oʻyinlari dasturiga rasman kiritilgani hech mubolagʻasiz uning kelajak sporti sifatida Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olishiga ishonch bagʻishladi.

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtgan yozgi XVIII Osiyo oʻyinlarida qitʼamiz polvonlari 7 vazn toifasida 28 ta medallar jamgʻarmasi uchun kurash olib bordi. Ushbu musobaqalarda Oʻzbekiston terma jamoasi 6 oltin, 2 kumush, 4 bronza, jami 12 medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi boʻldi.

Oʻtgan qariyb bir yil mobaynida Oʻzbekiston kurash federatsiyasi terma jamoalar bazasini shakllantirish, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida kurashning ommaviyligini oshirish boʻyicha qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, joriy yilning oʻzida Fargʻona va Buxoroda mamlakat chempionatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Shahrisabzda Amir Temur, Urganchda Pahlavon Mahmud xotirasiga bagʻishlangan xalqaro musobaqalar oʻtkazildi.

“Oʻzbekiston” sport majmuasida oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun I xalqaro turnirning ochilish marosimi boʻldi.

Chorlov sadolari ostida maydonga musobaqa ishtirokchilari kirib keldi.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.

Turnirning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisi O.Murodov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxoʻjayev va boshqalar milliy qadriyatimiz – kurash bugun dunyoning barcha mintaqasida jadal rivojlanib, nufuzi yuksalib borayotganini taʼkidladi.

Shundan soʻng polvonlar bosh sovrin uchun kurashni boshladi. Ularning halol bahslari kurash muxlislarining olqishiga sazovor boʻldi.

Hamyurtimiz Sherali Joʻrayev musobaqada oltin medalni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 50 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi. Kumush medal sohibi boʻlgan polvonimiz Bekmurod Oltiboyev esa 25 ming AQSH dollarini qoʻlga kiritdi. Tojikistonlik Temur Rahimov va rossiyalik Aslan Kambiyevbronza medali bilan taqdirlandi. Ularga 10 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofot berildi. Shuningdek, musobaqada 5-8 oʻrinni egallagan sportchilar ham 1250 AQSH dollari bilan mukofotlandi.

– Nufuzli turnirda gʻalaba qozonganimdan xursandman, – deydi Sh.Joʻrayev. – Bu kabi musobaqalar tajriba va mahoratimizni oshirishga, kurashning dunyoda yanada ommalashishiga xizmat qiladi. Prezident sovrinini qoʻlga kiritganim kelgusida kurash boʻyicha xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishimda yangi kuch bagʻishlaydi.

J.Toshxoʻjayev, Temur Mamadaminov (surat) OʻzA
2 715