O‘zA O`zbek

27.07.2020 Chop etish versiyasi

De Kuberten yaratgan Olimpiya bayrogʻining tasviri 185 ming yevroga sotildi

De Kuberten yaratgan Olimpiya bayrogʻining tasviri 185 ming yevroga sotildi

Zamonaviy Olimpiya oʻyinlari gʻoyasi muallifi, fransiyalik buyuk shaxs Per de Kuberten tomonidan chizilgan Olimpiya bayrogʻining asl nusxasi Kann shahrida tashkil etilgan auksionda 185 ming yevroga baholandi. Bu haqda “Frans Press” axborot agentligi xabar bergan.

Mazkur rasm 21x27,5 sm hajmdagi oq qogʻozga grafit va guash yordamida tushirilgan. Tavsirda bir-biriga zanjirsimon ulanib ketgan koʻk, sariq, qora, yashil va qizil rangli 5 ta halqa aks etgan.

Mazkur ijod namunasini braziliyalik kolleksioner sotib oldi. Savdolarda Fransiya sporti milliy muzeyi ham ishtirok etdi, ammo xarid uchun yetarli mablagʻ taklif eta olmadi.

Kuberten mazkur betakror ramzni 1913-yilning avgustida “Olimpiya sharhi” nashriga taqdim etgan. Olimpiya harakatining yangi timsoli va bayrogʻi ommaga Parijda tashkil etilishi moʻljallangan Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi (XOQ) kongressida namoyish qilinishi lozim edi. 1914-yilga belgilangan mazkur olamshumul tadbir Birinchi jahon urushi boshlanib ketganligi tufayli oʻtkazilmay qolgan. Ushbu rasmiy ramz faqat 1920-yilga kelibgina, Belgiyaning Antverpen shahrida boʻlib oʻtgan Olimpiya oʻyinlari tantanali ochilish marosimi oldidan taqdim etilgan.

7 883
OʻzA