O‘zA O`zbek

22.06.2020 Chop etish versiyasi

COCA-COLA Superliga: “Nasaf” “Paxtakor”ga “tahdid” qildi, lekin “hurmatini joyiga qoʻydi”

COCA-COLA Superliga: “Nasaf” “Paxtakor”ga “tahdid” qildi, lekin “hurmatini joyiga qoʻydi”

Bugun mamlakatimizning ikki shahrida milliy chempionatimiz Superligasining ikki oʻyini bilan 5-turga yakun yasaldi.

Bir kun avval poytaxt derbisida “Bunyodkor”ni yirik hisobda magʻlub etgan “Paxtakor” yana turnir jadvalidagi anʼanaviy joyiga – birinchi pogʻonaga koʻtarilib olgandi. Lekin ularning peshqadamligi hali “mustahkam emasdi”. Sababi, voha derbisida erishilajak yutuq “Nasaf”ni birinchi pogʻonaga koʻtarardi. Oʻz maydonida magʻlub boʻlish esa shundoq ham pastki pogʻonalarda “jon saqlayotgan” “Mashʼal”ni yana-da qiyin ahvolga solib qoʻyishi hech gap emasdi. Shu tariqa qarshiliklar karvonboshilik uchun, muborakliklar esa autsayderga aylanmaslik uchun maydonda borini berishdi. Afsuski, gʻalaba qozonish na “Nasaf”ga va na “Mashʼal”ga nasib etmadi. Vaholanki, hisobni ochishga, kerak boʻlsa gʻolib chiqishga har ikkala jamoa bir necha bor yaqin keldi. Hisob esa ochilmadi.

Andijondagi oʻyinda esa umuman kutilmagan natija qayd etildi. Andijonliklar yaqinda ish boshlagan yangi murabbiy Viktor Kumikovdan “moʻjiza” kutishgani aniq, ammo buning imkoni yoʻq. Bu kun Stanislav Andreyevning “benifisi”ga aylandi. Birinchi boʻlim tugamasidan Andreyev hisobni ochdi. Chamasi 25 metrlardan yoʻllagan kuchli zarbasi oldida Aslan Ahrorov ojiz qoldi. Boʻlimning soʻnggi soniyalarida Andreyevda yana bir gol urish imkoniyati tugʻildi. Mezbonlar darvozaboni oʻz jarima maydoni ichida raqib oʻyinchisiga qoʻpollik ishlatdi. Belgilangan penaltini esa Stanislav bexato bajardi...

5-tur. 20-iyun.

MASHʼAL – NASAF – 0:0

Muborak. “Bahrom Vafoyev” stadioni

Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Rasul Fozilov, Maksim Nexochin, Rustam Choriyev

“Mashʼal”: Rahimjon Davronov, Najmiddin Normurodov, Sirojiddin Rahmatullayev, Nikita Pavlenko (Jahongirbek Abdusalomov, 90), Sherzod Temirov, Moʻminjon Meliyev (Ibrohim Noʻmonov, 79), Jamoliddin Ubaydullayev, Abbos Shodmonov, Sirojiddin Qoʻziyev (Ifeani Ifeani, 85), Samandar Shukurillayev, Denis Vasilev.

“Nasaf”: Mashhurjon Muhammadjonov, Husniddin Aliqulov, Gʻolib Gʻaybullayev (Joʻrabek Mannonov, 78), Dilshod Rahmatullayev (Akmal Mozgovoy, 68), Bobir Abduxoliqov, Sharof Muhitdinov, Islom Kenjaboyev (Dilaver Xaris, 65), Sherzod Nasrullayev, Oybek Bozorov (Shohmalik Komilov, 78), Marko Stanoyevich, Umarbek Eshmurodov.

Ogohlantirish: Gʻolib Gʻaybullayev (21, “Nasaf”)

Nazoratchi - Maʼmur Saidqosimov

Komissar - Sardor Qudratullayev

ANDIJON – METALLURG - 0:2

Andijon. “Sogʻlom avlod” stadioni

Hakamlar: Shavkat Nasibullayev, Rasul Fozilov, Maksim Nexochin, Rustam Choriyev

“Andijon”: Aslonbek Ahrorov, Azamat Isroilov (Emmanuel Arivachukvu, 46), Farhod Miraxmatov. Xushnudbek Avilov (Jahongir Abdumoʻminov, 73), Jamshid Hasanov, Farhodbek Bekmurodov, Siroj Meliyev (Ibe Mikael Okoro, 46), Abdullo Olimov (Nodir Mavlonov, 69), Usmonali Ismonaliyev, Timur Usmonov (Artyom Litveakov, 46), Dmitro Zozulya.

“Metallurg”: Aleksandr Lobanov, Abbosjon Otaxonov, Doniyor Narzullayev (Murodbek Bobojonov, 89), Salamat Qutiboyev (Xudoyshukur Sattorov, 64), Shahzodbek Ubaydullayev (Zohid Abdullayev, 64), Kamoliddin Tojiyev, Abdurahmon Abdulxaqov (Abrorbek Toshqoʻziyev, 64), Ixtiyor Toshpoʻlatov, Stanislav Andreyev, Akbarjon Ismatullayev, Yevgeniy Chumak (Muhammad Isayev, 83).

Gollar: Stanislav Andreyev (36, 45+1-pen.)

Ogohlantirishlar: Siroj Meliyev (29), Farhod Miraxmatov (72), Usmonali Ismonaliyev (75) – Xudoyshukur Sattorov (90+3).

Nazoratchi - Maʼmur Saidqosimov

Komissar - Muhammad Sodiq Sodiq-Oxunov.

Shu tariqa 5-turdan keyin 12 ochko jamgʻargan “Paxtakor” peshqadamligini saqlab qoldi. Garchi durang oʻynab, ochkolari sonini (11) AGMKga yetkazib olgan boʻlsada toʻplar nisbatiga koʻra “Nasaf” ikkinchi pogʻonaga koʻtarildi. Uchinchi oʻrin esa AGMKga tegishli boʻlib turibdi. Safardagi ishonchli gʻalabasi evaziga 10 ochko toʻplagan “Metallurg” yettinchi oʻrindan toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi. 9 ochkodan jamgʻargan “Qoʻqon-1912” va “Bunyodkor” jamoalari besh, oltinchi oʻrinlarda borishyapti. 8 ochko bilan “Navbahor” yettinchi, 7 ochko bilan “Soʻgʻdiyona” sakkizinchi oʻrinlarda borishyapti. Oʻz maydonida durang oʻynagan “Mashʼal” bir pogʻona yuqorilab (6 ochko) toʻplar nisbatiga “Lokomotiv”ni ortda qoldirayotgan boʻlsa, xavfli hududdan “Surxon” (4 ochko bilan 11-oʻrin) va “Andijon” (2 ochko bilan 12-oʻrin) jamoalari joy olishgan. Bor-yoʻgʻi bir ochkoni qoʻlga kiritgan “Qizilqum” va “Buxoro” jamoalari esa hozircha autsayderlar hisoblanishmoqda.

9 050
Oybek YUNUSOV, OʻzA