O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Chempionlar kamol topayotgan maskan

Chempionlar kamol topayotgan maskan

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 2-bolalar va oʻsmirlar sport maktabida badiiy gimnastika, kamondan otish, boks, yengil atletika, ogʻir atletika, tennis, basketbol, taekvando (WT), akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, belbogʻli kurash, turon kabi sport turlari boʻyicha tashkil etilgan toʻgaraklarda qariyb 600 oʻgʻil-qiz muntazam shugʻullanayotir. Ularga 27 nafardan ziyod murabbiy va murabbiya sport sir-asrorlarini puxta oʻrgatmoqda.

Maktab zamonaviy sport inshootlari – ochiq futbol maydoni, tennis kortlari, katta sport zali, tibbiyot, yuvinish va kiyim almashtirish xonalari, maʼmuriy binoni oʻz ichiga olgan.

photo5332529922272504453.jpg

Sport toʻgaraklari faoliyati qatʼiy jadval asosida tashkil etilgan. Har bir guruh murabbiyi haftasiga uch marta mashgʻulot oʻtkazadi. Mashgʻulotlar jarayonida bolalar salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.

Amalga oshirilgan bunday izchil ishlar tufayli sport bilan shugʻullanayotgan yoshlar safi tobora kengayib, ular erishayotgan yutuqlar salmogʻi muttasil ortmoqda.

– Oʻzbekiston sportchilari uchun dunyoga keng yoʻl ochilgan, deydi – akademik eshkak eshish boʻyicha oliy toifali murabbiy Behzod Bobojonov. – Ilgari yosh sportchilarning jahon arenalarida arzirli natijasi kamdan-kam boʻlar edi. Shu sababli ham koʻplab xorijiy musobaqalarda ishtirok etilmasdi. Bugun nafaqat yetakchi, balki yosh sportchilarimiz ham jahon va qitʼa miqyosidagi musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlib, isteʼdod va mahorat bobida hech kimdan kam emasliklarini isbotlab kelmoqda. Jumladan, shogirdim Sardor Toʻlqinxoʻjayev Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida akademik eshkak eshish boʻyicha kumush medalni qoʻlga kiritdi.

photo5332529922272504457.jpg

Mazkur maktab tarbiyalanuvchisi, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha xalqaro toifadagi sport ustasi Nilufar Zokirova ham oʻtgan yilgi Osiyo oʻyinlarining kumush medaliga sazovor boʻldi. U 2018 yilgi sport mavsumida Oʻzbekiston kubogida oltin, Bolgariyada oʻtgan jahon chempionatining jamoaviy bahslarida ikkita kumush, Osiyo kubogining jamoaviy bahslarida oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritdi.

– Men ilk marotaba bu yerga kelganimda birinchi murabbiyim Viktor Vrajnovning shogirdlariga berayotgan koʻrsatmalarini, oʻz ishini jonu dili bilan olib borayotganini koʻrib, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turiga mehrim oshdi, – deydi N.Zokirova. – 2-bolalar va oʻsmirlar sport maktabi mening qalbimdan chuqur joy olgan. Qoʻlga kiritgan yutuqlarimda mazkur maktabdagilarning xizmati katta. Hozir markaziy harbiy sport klub aʼzosi boʻlsam-da, bu yerga kelib tajribamni oshirib turaman.

Maktab tarbiyalanuvchilari oʻtgan 2018 yilda Osiyo va jahon chempionati, xalqaro turnirlar, respublika chempionati va kuboklarida, 69 ta musobaqada ishtirok etib, yigirmatadan oltin va kumush hamda oʻttiz bitta bronza medalini qoʻlga kiritdi.

Bunday ulkan marralarni zabt etayotgan oʻgʻil-qizlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

1 369
Javohir Toshxoʻjayev,OʻzA