O‘zA O`zbek

31.07.2019 17:49 Chop etish versiyasi

“Charm toʻp” anʼanaviy futbol musobaqalariga start berildi

“Charm toʻp” anʼanaviy futbol musobaqalariga start berildi

Oʻrta va keksa avlod vakillari oʻtgan asrda tashkil etilgan futbol boʻyicha havaskor jamoalar oʻrtasidagi “Charm toʻp” musobaqasini yaxshi eslashadi. Mazkur musobaqa chekka hududlardagi isteʼdodli yoshlarni kashf qilish va ularga oʻz iqtidorini namoyon etishlariga xizmat qilardi. Oʻz navbatida “Charm toʻp” musobaqalarida kashf etilgan koʻplab iqtidorlar keyinchalik ustalar jamoalarida toʻp tepib, muxlislarni xushnud etishgan.

Biroq, keyinchalik ushbu musobaqa toʻxtab qolgandi. Nihoyat 2018-yildan eʼtiboran “Charm toʻp” musobaqasi yana tiklandi. Joriy yilning iyul-avgust oylarida yurtimizdagi mahallalarning 18-30 yoshli yigitlardan iborat futbol jamoalari oʻrtasida “Charm toʻp” anʼanaviy turniri oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning ikkinchisi yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga yoʻnaltirilgan boʻlib, mazkur musobaqa ham yoshlar oʻrtasida futbolni keng ommalashtirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Milliy olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan musobaqada mahalla yoshlaridan iborat jamoalar toʻrt bosqichda oʻzaro kuch sinashadi:

1-bosqich: mahallalar oʻrtasida (26-31-iyul kunlari);
2-bosqich: tuman va shahar bosqichi (2-10-avgust);
3-bosqich: hududiy bosqichi (10-20-avgust);
4-bosqich: Respublika final bosqichi (22-30-avgust).

“Charm toʻp” musobaqasining final bosqichi poytaxtimizdagi “Milliy” stadionda tashkil etilishi belgilab qoʻyilgan. Faqat, bizni ajablantirgani, “Milliy” stadionning maysasi talab darajasida emasligi bois Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi hatto mamlakat milliy terma jamoasiga ham bu stadionda oʻynashga ruxsat bermayotgan edi. Buyogʻi qanday boʻldi?!

Anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu turnirni joriy yilda yuqori saviyada, bayramona koʻrinishda tashkil etish rejalashtirilgan. Shu orqali nafaqat yurtimiz, balki jahonda eng ommaviy sport turi sanalmish futbolga yoshlarni keng jalb etish koʻzda tutilgan.

OʻzA
3 328