O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

03.09.2018 17:50 Chop etish versiyasi

Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlaridagi ilk medallar qoʻlga kiritildi

Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlaridagi ilk medallar qoʻlga kiritildi
Avval xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 2018-yil 2-8-sentyabr kunlari Qirgʻiziston Respublikasining Cholpon ota shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlarida ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 2-sentyabr kuni “Bir ruhda – kuch birlikda” shiori ostida oʻyinlarning tantanali ochilish marosimi oʻtkazilib, unda dunyoning 66 ta davlatidan tashrif buyurgan 1556 nafar sportchi ishtirok etdi.

III Butunjahon koʻchmanchi xalqlar oʻyinlari ochilish marosimida ishtirokchilarini Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov qutladi. Tadbirda Qozogʻiston, Turkiya, Tatariston Respublikalari Prezidentlari, Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra amirligi shahzodasi, Vengriya Bosh vaziri mehmon sifatida ishtirok etishdi.

Ushbu oʻyinlarda 50 ta sport turi boʻyicha 500 dan ortiq komplekt medallar jamlanmasi oʻynaladi. Oʻzbekiston 13 ta sport turi boʻyicha 58 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.

img_5b76c3cf29f9e695883741.jpg

Bugun vakillarimiz alыsh kurashi (Qirgʻiziston kurashi), Armrestling sport turlari boʻyicha bahslarga kirishishdi. Oʻynlardagi dastlabki yutuqlar koʻlga kiritildi, armrestling boʻyicha chap qoʻl bahslarida 18 davlatdan tashrif buyurgan 72 nafar ishtirokchi orasida yurtdoshlarimiz Dmitriy Dokuchayev (75 kg.), Qudratillo Niyazi (95 kg.), Firdavs Gafurov (105 kg.) musobaqaning bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
matbuot xizmati

OʻzA