O‘zA O`zbek

30.07.2019 Chop etish versiyasi

Bugun yosh polvonlarimiz jahon chempionligi uchun gilamga tushadi

Bugun yosh polvonlarimiz jahon chempionligi uchun gilamga tushadi

Kecha Bolgariyaning Sofiya shahrida sport kurashlari boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati boshlandi. Jahonning eng kuchli yosh kurashchilari gʻoliblik uchun bahs olib borayotgan musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.

Musobaqani erkin kurashchilar boshlab berdi. Qurʼaga koʻra, jahon chempionatining ilk kunida terma jamoamiz aʼzolaridan Kamronbek Qadamov (-48 kg), Umidjon Jalolov

(-55 kg) hamda Qudratbek Nurullayev (-65 kg) oʻz omadini sinab koʻrishdi. Quvonarlisi, har uchala sportchimiz ham jahon chempionati medallari uchun kurashni davom ettirmoqda.

Dastlab 48 kg.gacha boʻlgan vazndagi polvonlar bahsida ishtirok etayotgan hamyurtimiz Kamronbek Qadamov final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. U avvaliga moʻgʻulistonlik, keyin esa ozarbayjonlik raqibini magʻlub etdi. Yarim finalda Kamronbek hindistonlik sportchi ustidan 4:2 hisobida gʻalaba qozondi. Endi u finalda eronlik Rahmon Musa Amouzadhalili bilan bellashadi.

Qadamovning gʻolibona odimini yana bir kurashchimiz, III oʻsmirlar yozgi Olimpiadasi gʻolibi Umidjon Jalolov ham davom ettirdi. Musobaqada -55 kg. vazn toifasida ishtirok etayotgan Umidjon dastlab kanadalik raqibini 10:0, ikkinchi davrada esa qirgʻizistonlik Mirbek Sarabekovni ham 10:0, uchinchi davrada hindistonlik Amanni 3:0 hisobida magʻlub etdi. Yarim finalda hamyurtimizga turkiyalik Muhammad Karavus raqib boʻldi va bu bahsda ham Jalolov katta ustunlik bilan gʻalabaga erishdi.

Isteʼdodli kurashchimiz oltin medal yoʻlida eronlik Mahdi Mehrdod Veysi bilan kuch sinashadi. Bu ikki sportchi shu kungacha oʻzaro uch marotaba toʻqnash kelishgan va ularning barchasida hamyurtimizning qoʻli baland kelgan. Umid qilamizki, Jalolov Sofiyada ham bu yoqimli anʼanani davom ettiradi.

Nihoyat 65 kg.gacha vazn toifasidagi polvonimiz Qudratbek Nurullayev bronza medali uchun kurashadigan boʻldi. U chorak finalda rossiyalik Batirbek Sxovrebovga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berdi. Sxovrebov finalga yoʻl olgani bois hamyurtimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati paydo boʻldi. Buning uchun Nurullayev oʻtish bahsida bolgariyalik Bojidar Yordanovni magʻlub etishi shart. Ushbu bellashuv gʻolibi bronza medali taqdiri hal boʻladigan bahsda hindistonlik Manish Gosvamiga qarshi gilamga chiqadi.

Sport kurashlari boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatining oltin va bronza medali uchun bahslar bugun oʻtkaziladi.

2 550
OʻzA