O‘zA O`zbek

09.03.2020 Chop etish versiyasi

Bokschilarimiz Olimpiada uchun dadil qadam tashlamoqda

Bokschilarimiz Olimpiada uchun dadil qadam tashlamoqda

Iordaniya poytaxtida boks boʻyicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi turnirni terma jamoamiz vakillari muvaffaqiyatli oʻtkazmoqda.

Musobaqada vazni 69 kilogrammgacha boʻlgan bokschimiz Bobousmon Baturov chorak final jangida xitoylik Kiong Yersunga qarshi jang olib bordi va bahsni oʻz foydasiga hal qildi. Bu gʻalaba unga yarim finalda ishtirok etish huquqini hamda yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini keltirdi.

Vazni 91 kilogrammgacha boʻlgan bokschimiz Sanjar Tursunov ham chorak final jangini muvaqqaqiyatli oʻtkazdi. U eronlik Tufan Sharifiga qarshi oʻtgan jangda zafar quchib, Olimpiadada qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, kechki dasturdan oʻrin olgan 91 kilogrammdan ogʻir boʻlgan sportchilar oʻrtasida amaldagi jahon chempioni Bahodir Jalolov 1/4 final bosqichida bahraynlik Danis Latipovni magʻlubiyatga uchratdi. Mazkur muvaffaqiyat Bahodirga Olimpiya oʻyinlari litsenziyasini taqdim etdi.
Afsuski, yosh bokschimiz Fanat Qahramonov chorak finalda qozogʻistonlik Abilxan Amanqulga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Reglamentga koʻra, ushbu vazn toifasida Tokio-2020 musobaqasi uchun 5 ta kvota ajratilgan. Fanat endi chorak finalda imkoniyatni boy bergan boshqa bokschiga qarshi yagona yoʻllanma uchun kurash olib boradi.

Shu tariqa turnirda delegatsiyamiz Olimpiya oʻyinlarining uchta yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ayni damda toʻrt yillikning eng muhim sport musobaqasi uchun umumiy yoʻllanmalarimiz soni oʻn yettitaga yetdi.

Bugun 5 nafar yurtdoshimiz Olimpiada litsenziyasi uchun ringga koʻtariladi.

– 63 kg: Elnur Abduraimov (Oʻzbekiston) – Gardish Xarrison (Avstraliya).

– 51 kg: Tursunoy Rahimova (Oʻzbekiston) – Xuang Siao Ven (Xitoy Taypeyi).

– 52 kg: Shahobiddin Zoirov (Oʻzbekiston) – Omid Ahmadisafa (Eron).

– 60 kg: Rayhona Qodirova (Oʻzbekiston) – Seyesonde Sudaporn (Tailand).

– 57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov (Oʻzbekiston) – Sso Sing Yu (Gongkong).

7 050
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA