O‘zA O`zbek

13.08.2018 17:04 Chop etish versiyasi

“Bobolar va nabiralar” futbol musobaqasi

“Bobolar va nabiralar” futbol musobaqasi Namangan shahridagi 35-umumta’lim maktabining sun’iy qoplamali o‘yingohida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida bobolar va nabiralardan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida shahar hokimi sovrini uchun futbol musobaqasi o‘tkazildi.

Shahar hokimligi, “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi shahar kengashi hamda shahar jismoniy tarbiya va sport bo‘limi tomonidan mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga bag‘ishlab ilk bor tashkil etilgan musobaqada 6 jamoa g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqaning hal qiluvchi final uchrashuvida Isfarxon mahallasining “Isfarxon” jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Mashrab nomidagi mahallaning “Bunyodkor” jamoasi g‘olib chiqib, shahar hokimi kubogini qo‘lga kiritdi.

Uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan o‘yinda Obi-hayot mahallasining “Massagetlar” jamoasidan 4:3 hisobida ustun kelgan Mashad mahallasining “Mashad” jamoasi ham sovrindorlar safidan joy oldi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari, faol ishtirokchilariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Oqilxon Dadaboyev, jurnalist

1 829