O‘zA O`zbek

02.07.2009 21:25 Chop etish versiyasi

Biatlonchilarimiz muvaffaqiyati

Qirg‘izistonda yozgi biatlon bo‘yicha o‘tgan Osiyo ochiq kubogi musobaqasida vakillarimiz Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Ular 11 oltin, 14 kumush va to‘rtta bronza medali bilan yurtimizga qaytdi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, uning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani va bu o‘zining yuksak samaralarini berayotgani ta’kidlandi.

Qit’amizning o‘nga yaqin davlatidan eng kuchli biatlonchilar ishtirok etgan mazkur musobaqada erkaklar o‘rtasida Murod Hojiboyev bitta oltin, ikkita kumush, Ruslan Nosirov bitta oltin, bitta kumush medalini qo‘lga kiritib, terma jamoamiz g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Anuzar Yunusov uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Terma jamoamizga navbatdagi bitta oltin va ikkita kumush medalni Dilafruz Imomhusanova taqdim etdi.

Shuningdek, Ikrom Ahmadboyev va Dilafruz Salohiddinova ikkitadan oltin va bittadan kumush, Alekber Yunusov bitta oltin va ikkita kumush, Jamshid Tillayev bitta kumush va ikkita bronza, Nozim Ummatov ikkita kumush va bitta bronza, Darmonjon Ro‘zmetova ikkita kumush va Anna Dreyeva bitta bronza medali bilan taqdirlandi.

Osiyo ochiq kubogi musobaqasida terma jamoamiz vakillari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.


O‘zA, X.Salimov
1 838