O‘zA O`zbek

09.03.2020 Chop etish versiyasi

Bahodir Jalolov Yaponiyadagi olimpiadaga boradi

Bahodir Jalolov Yaponiyadagi olimpiadaga boradi

Iordaniya poytaxti Amman shahrida boks boʻyicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun Tokio Olimpiadasiga yoʻllanma beruvchi turnirning vazni 91 kilogrammdan ogʻir boʻlgan charm qoʻlqop ustalari oʻrtasida amaldagi jahon chempioni, terma jamoamizning eng ishonchli aʼzolaridan biri Bahodir Jalolov XXXII Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Bahodir Jalolov 1994-yilning 8-iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida dunyoga kelgan. Oiladagi muhit Bahodirda bolaligidan sportga qiziqish uygʻotdi. U dastlab futbol bilan shugʻullandi. Soʻngra otasi oʻn uch yoshli oʻgʻlini Chirchiq olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi va u yerda murabbiylari Rustam Saidov va Toʻlqin Qilichevdan boks sirlarini oʻrgandi.

Tajribali murabbiylardan charm qoʻlqop sir-asrorlarini oʻrgangan Bahodir 2009-yili Jizzaxda boʻlib oʻtgan yoshlar oʻrtasidagi mamlakat chempionatida kumush medalga sazovor boʻldi.

Yoshlar oʻrtasida viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda mahorat oshirgan bokschimiz 2013-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan kattalar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritadi va qatorasiga uch yil mamlakat birinchiligida gʻolib boʻladi.

B.Jalolov xalqaro maydondagi dastlabki muvaffaqiyatlariga 2013-2014-yillarda erishadi. U Germaniya, Bolgariya, Belarus, Ozarbayjon singari davlatlarda oʻtgan bir qator xalqaro turnirlarda gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy oladi.

2015-yili Qatarning Doha shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatining vazni 91 kilogrammdan ogʻir boʻlgan bokschilar bahsida bronza medalini qoʻlga kiritdi. 2016-yili Xitoyda oʻtkazilgan Olimpiadaga yoʻllanma beruvchi nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, Braziliyada oʻtgan XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisiga aylanadi va Oʻzbekiston delegatsiyasining bayroqdori boʻladi. 2017-yili Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi va bir qator xalqaro turnirlarda ishtirok etdi.

Havaskor boksda ketma-ket muvaffaqiyatlarga erishgan Bahodir tajribasini yana-da oshirish maqsadida 2018-yili professional boksga oʻtadi. U shu yilning oʻzida AQSHning “Fight Promotions” propoutorlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi va hozirgi kunga qadar olti jang oʻtkazib, ularning barchasini gʻalaba bilan yakunladi.

Isteʼdodli bokschimiz uchun 2019-yilgi sport mavsumi ham omadli keldi. U dastlab Tailandning Bangkok shahrida aprel oyida oʻtgan Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Soʻngra sentyabr oyida oʻtkazilgan jahon chempionatida tengsiz ekanini isbotladi.

Bu ulkan gʻalaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan munosib baholandi va 2019-yil 27-sentyabrda B.Jalolov “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori sportchimizning bu kabi ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritishida muhim dasturilamal boʻlmoqda.

– Prezidentimizning biz, sportchilarga bildirayotgan katta ishonchi, xalqimizning qoʻllab-quvvatlashi muvaffaqiyatlarimizda asosiy omil boʻlmoqda, – deydi B.Jalolov. – Mamlakatimizda sportchilarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani va ulkan eʼtibor qaratilayotgani bizga yana-da kuch-gʻayrat bagʻishlaydi. Endi mening orzuim Olimpiya oʻyinlarida Vatanimiz bayrogʻini balandga koʻtarib, oltin medalini qoʻlga kiritishdir.

Darhaqiqat, bugun dunyo oʻzbek sportchilarining ulkan yutuqlarini tan olmoqda. Buning barchasi mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va yoshlarning Vatan dovrugʻini doimo yuksaltirishga intilishi sabablidir. Ishonamizki, Bahodir Jalolov va boshqa sportchilarimiz kunchiqar yurtda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida yuksak natijalarni qayd etadi.

7 149
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA