O‘zA O`zbek

13.06.2020 Chop etish versiyasi

Ayollar futbolidagi muammolar yechimini kutmoqda

Ayollar futbolidagi muammolar yechimini kutmoqda

Bugun yurtimizning barcha hududlarida ayollar futbol klublari tashkil etilgan. Mingdan ziyod qizlar futbol va futzal bilan muntazam shugʻullanmoqda.

“Sevinch”, “Bunyodkor-W”, “Metallurg-W”, “Shoʻrtan-Lady” va “Andijanka” singari yetakchi futbol klublarining mahoratli va iqtidorli aʼzolari Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda toʻp surmoqda.

Milliy chempionatimizga asos solingan dastlabki yillarda hali ayollar futboli haqida tasavvurlar yoʻq edi. Ayollar oʻrtasida futbol u yoqda tursin, hatto voleybol, basketbol ham hali u qadar ommalashib ulgurmagandi. Bilganimiz, chim ustida xokkey boʻyicha “Andijanka” qizlari sobiq ittifoqda nom qozongan edi. Mamlakatimizda ushbu jamoaga asosiy raqobatchi boʻlgan Buxoroning “Sitora” jamoasi haqida ham ancha-muncha eshitganmiz.

Oʻzbek futbolining yangi tarixi

1994-yil yurtimizda ayollar futboliga asos solingan yil sifatida tarixga kiritilgan boʻlsa, 1995-yil xalqaro turnirlardagi va ilk bor Osiyo chempionatidagi ishtiroki bilan tarix zarvaraqlariga yozildi. Futbolchi qizlarimiz oʻsha yili oʻninchi marta oʻtkazilayotgan qitʼa chempionatida ilk bor qatnashdi. Nihoyat, Oʻzbekistonda ham ilk rasmiy chempionat start oladigan boʻldi. Bu tarixiy voqea 1997-yilning yozida Samarqandda roʻy berdi.

Oradan yigirma yildan koʻp vaqt oʻtdi. Mamlakatimiz ayollar futboli nafaqat Markaziy Osiyoda, hattoki jahonda ham oʻz nomiga ega boʻldi. Toʻgʻri, terma jamoalarimizning xalqaro rasmiy turnirlarda erishgan yutuqlari u qadar koʻp emas, lekin klublarimiz Osiyo va Yevropada nom qozonib ulgurdi. Birgina Qarshining “Sevinch” klubi erishgan muvaffaqiyati va oʻzbek ayollar futboli rivojiga qoʻshgan hissasi haqida koʻplab misollar keltirish mumkin. Bu muvaffaqiyatlar zamirida hukumatimizning xotin-qizlar sporti, jumladan, ayollar futboliga qaratayotgan eʼtibori, gʻamxoʻrligi yotganini inkor etib boʻlmaydi.

Shuningdek, yurtimiz ayollar futboliga tamal toshini qoʻyib, uning yana-da rivoj topishiga Shavkat Usmonov (marhum), Ravshan Usmonxoʻjayev (marhum), Zohidjon Omilov, Alisher Fayziyev kabi mutaxassislar, Miron Kim (marhum), Vladislav Xan, Bahrom Norsafarov, Karima Yoʻldosheva, Elmira Gʻulomova, Ilhom Xanjariyev, Olimboy Davlatov hamda Sherali Boboqulovdek murabbiylar oʻz hissasini qoʻshgan.

Hozirgi kunda ayollar terma jamoalarimiz Osiyo va jahon chempionatlarida yuqori natija koʻrsata olmayapti. Lekin bu ularning mavqei shu darajada past degani emas. Aytaylik, 2005-yili Tailandda ilk bor oʻtkazilgan yopiq sport inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida Vladislav Xan boshchiligidagi terma jamoamiz barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, shohsupaga koʻtarildi. Oradan ikki yil oʻtib, Makaoda tashkil etilgan ushbu turnirda qizlarimiz uchinchi oʻrinni egalladi.

Afsuski, qitʼaning yetakchilari hisoblangan Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Hindiston, Eron kabi ayollar futboli rivojlangan mamlakatlar termalariga qarshi oʻyinlarda oʻz maqsadiga erisha olmayapti.

Zaxmatli mehnatlar samarasi

Keyingi yillarda yurtimizda ayollar futboliga eʼtibor yana-da ortdi. Ichki chempionatlar saviyasini koʻtarish zamirida terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatlarga erishishiga zamin yaratilyapti. Birgina 2019-yil sentyabr oyida Qirgʻizistonning Qorakoʻl shahrida oʻtkazilgan “Umid kubogi-2019” xalqaro musobaqasida hal qiluvchi final oʻyiniga qadar yetib borgan Bahrom Norsafarov shogirdlari mezbon termasini 3:2 hisobida yengdi, biroq toʻplar nisbatiga koʻra turnirda ikkinchi pogʻonani band etdi.

Oʻtgan yil oxirida Tojikistonda boʻlib oʻtgan va Oʻzbekiston, Afgʻoniston, Eron, Qirgʻiziston, Tojikiston hamda Turkmaniston Olimpiya terma jamoalari ishtirok etgan Markaziy Osiyo futbol federatsiyalarining “CAFA U-23 Womenʻs Championship-2019” musobaqasida qizlarimiz muddatidan oldin chempionlik masalasini hal qilib, yurtimizga oltin medal bilan qaytdi.

2020-yilning dastlabki oylarida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tomonidan ayollar futzali boʻyicha ilk bor tashkil etilgan musobaqada terma jamoamiz musobaqaning kumush medaliga sazovor boʻldi.

Beparvolik oqibati va yangi umidlar...

Mamlakatimizda ayni kunlarda besh-oʻn yil oldingiga nisbatan ayollar futboliga boʻlgan eʼtibor ancha oʻsgan. Buning misolini super liga klublari qoshida ayollar jamoalari ham faoliyat koʻrsatayotgani, xotin-qizlar oʻrtasida oliy liga oʻyinlari xuddi erkaklar musobaqasi kabi uy-safar tizimida tashkil etilayotgani, birinchi liga jamoalari soni va sifati ham oshib borayotgani misolida koʻrish mumkin.

Lekin istaymizmi-yoʻqmi, ayollar jamoalari baʼzi super liga klublari rahbarlarining haligacha uchinchi yoki toʻrtinchi darajadagi ishi boʻlib qolayotgani achchiq haqiqat. Super liga klublari orasida ayollar jamoalariga yetarlicha sharoit yaratib bermayotgan, uy stadionlari holatini talab darajasiga yetkazmagan, oylik va mukofot pullarini oʻz vaqtida toʻlamayotganlari ham uchrab turibdi. Qachonki ayollar jamoasi ham super liga klublari qatorida teng taʼminotga ega boʻlsagina chinakam muvaffaqiyatlarga erishish, terma jamoamiz manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir futbolchilarni yetkazib berish imkoniyatiga ega boʻladi.

Oʻtgan yili OʻFAda rahbariyat almashdi. OʻFAning birinchi vitse-prezidenti, oʻz navbatida, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining rahbari sifatida ish boshlagan Ravshan Ermatov haqida taʼrif berishga hojat boʻlmasa kerak. Hakam sifatida Osiyo va jahonni “zabt” etgan Ravshan Ermatov bundan keyin mutaxassis sifatida ham nimalarga qodir ekanini jahon ommasiga isbotlashiga shubha yoʻq. Uning oʻzbek futbolini yana-da rivojlantirish rejalaridan ayollar futboli ham oʻrin olgani shu sohaning rivojidan darak beradi. Terma jamoalarimiz saviyasini koʻtarishda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining xizmatlari boʻlgani kabi ayollar futbolining ichki saviyasini koʻtarish, bu boradagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish bevosita Professional futbol ligasining zimmasida. OʻzPFL ayollar jamoalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni birinchi galdagi vazifasi, deb biladi. Bu borada shuni aytish joizki, ayollar jamoalaridagi yuzaga kelgan kamchilik va muammolar bartaraf etilmaguncha super liga klublari faoliyati ham chegaralanadi. Bundan koʻrinib turibdiki, tez orada ayollar jamoalari faoliyati yana-da kuchayadi.

Yangi marralar yoʻlida

Nafaqat mamlakatimizda, balki butun yer yuzida vujudga kelgan pandemiya sabab barcha sohalar kabi futbol ham maʼlum muddat toʻxtab qoldi. Lekin bu futbolchi va murabbiylarni butunlay “toʻshakka mixladi” degani emas. Erkaklar jamoalarida futbolchi va murabbiylar karantin davrida yakka holda qay tartibda shugʻullanishni davom ettirgan boʻlsa, ayollar jamoalarida ham xuddi shu holat kuzatildi. Murabbiylar shogirdlari bilan onlayn tarzda mashgʻulotlar olib bordi.

Yurtimizga koronavirus pandemiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 29-maydagi qaroriga asosan 1-iyundan professional futbol klublariga karantin tartib-qoidalariga amal qilgan holda mashgʻulotlarni boshlash, 5-iyundan esa rasmiy musobaqalarni davom ettirishga ruxsat berildi. Futbolchilarning uzoq muddat karantin holatda stadionda shugʻullanmagani, yetarli jismoniy tayyorgarlikka ega boʻlishi uchun maʼlum muddat vaqt talab etilishini inobatga olgan Oʻzbekiston professional futbol ligasi super liga klublari uchun rasmiy musobaqani 13-iyundan boshlashga izn berdi. Shu tariqa, 15-martdan, chempionatning 3-turidan keyin toʻxtab qolgan super liga oʻyinlari rasman 13-iyundan yana davom ettiriladigan boʻldi.

Shunisi eʼtiborliki, saviya boʻyicha super ligadan keyin turuvchi pro-liga hisoblanadi. Pro-liga oʻyinlariga 3-iyuldan start beriladi. Ayollar futboli boʻyicha mavsum esa pro-ligadan biroz muddat vaqtliroq boshlanadigan boʻldi. 29-iyun kuniga belgilangan superkubok oʻyinida Qarshining “Sevinch” hamda Toshkentning “Bunyodkor” jamoalari oʻzaro kuch sinashadi. 12 jamoa ishtirokidagi oliy liga mavsumi esa 3-iyuldan boshlanadi. Oliy liga oʻyinlariga qurʼa tashlash marosimi 16-iyunga belgilangan. Ayollar jamoalari oʻrtasidagi birinchi liga musobaqasida 8 jamoa yagona yoʻllanma uchun bahs olib boradi.

Quyi liga oʻyinlari toʻrt hududga boʻlingan, markazlashgan holda ikki davraviy tarzda oʻtkaziladi. Musobaqaning birinchi turi 25-29-iyul kunlariga belgilangan. Shuningdek, oliy va birinchi liganing mavjud 20 jamoasi oʻrtasida kubok oʻyinlari ham tashkil etiladi.

11 242
Javohir TOSHXOʻJAYEV, OʻzA