O‘zA O`zbek

07.10.2019 Chop etish versiyasi

AYoLLAR FUTBOLI: Yarim finalda “Sevinch” “Lokomotiv”ni, “Bunyodkor” esa “Metallurg”ni qabul qiladi

AYoLLAR FUTBOLI: Yarim finalda “Sevinch” “Lokomotiv”ni, “Bunyodkor” esa “Metallurg”ni qabul qiladi

Bir necha daqiqalar oldin O‘zPFL binosida ayollar o‘rtasida mamlakat Kubogining yarim final o‘yinlariga qur’a tashlandi. Aslida, musobaqa qonun-qoidasiga ko‘ra Kubok o‘yinlarining tartibi bo‘yicha jamoalar saralash o‘yinlaridan keyin to finalga qadar qay tartibda yetib borishi ma’lum edi. Qur’a esa faqat kim mezbonu, kim mehmon degan savolga javob berishi lozim edi.

Chorak finalda kim aslida kimligini ko‘rsatdi. Bir qarashda kuchli jamoalar o‘ziga nisbatan “nimjonroq” jamoalarni mag‘lub etgandek tuyuladi. Ammo sharoit va tarkib bo‘yicha raqibga nisbatan yuqoriroq sanalgan “Sho‘rtan” o‘z maydonida “Lokomotiv”dan yengildi. Vaholanki, maydon egalari birinchi bo‘lib hisobni ochishgan va birinchi bo‘limda bu ustunlikni saqlab qolishgandi. Ikkinchi bo‘limda esa toshkentliklar “otga qamchi bosishdi”. 

Har tomonlama ustunligi isbotlangan “Bunyodkor”ning tarkibi asosan yosh qizlardan iborat bo‘lgan va professionalizm sari dadil intilayotgan “Paxtakor”ni mag‘lub etishini deyarli barcha bashorat qilgandi.

AGMK va “Metallurg” jamoalari ham mamlakatimizda ayollar futboli bo‘yicha kuchli jamoalar sirasiga kirishadi. Biroq “Metallurg”da Diyora Xabibullaeva kabi tajribali, gol urish hadisini olgan futbolchilar bor, va shuning o‘zi jamoaning ustunligini ta’minlab turadi.

Aytish mumkinki, chorak finalning markaziy o‘yini Jizzax shahrida kechdi. “So‘g‘diyona” va “Sevinch” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin shiddati, keskinligi va murosasizligi bo‘yicha boshqalardan ajralib turdi. Buni hisobda ham anglash mumkin edi. Jamoalar naqadar hujumkor o‘yin ko‘rsatishmasin, himoyalarini mustahkamlamasin, uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Penaltilar bahsida esa mezbonlardan omad yuz o‘girdi – bir o‘yinchining tepgan to‘pi mo‘ljalga aniq yetib bormadi, ikkinchisinikining zarbasini esa “Sevinch” darvozaboni mohirlik bilan qaytarishga erishdi. Shu tariqa yarim finalga “Sevinch”, “Bunyodkor”, “Metallurg” va o‘z tarixida birinchi marotaba “Lokomotiv” jamoalari yo‘llanma olishdi. 

Bir o‘yindan iborat yarim final o‘yinlarida kim mezbonlik qilish bo‘yicha tashlangan qur’aga ko‘ra “Sevinch” jamoasi o‘z maydonida “Lokomotiv”ni, “Bunyodkor” esa “Metallurg” jamoalarini qabul qiladi. 
O‘yinlar 17 oktabr kuniga belgilangan.

O‘zbekiston kubogi. Chorak final. 5 oktabr

“PAXTAKOR” – “BUNYoDKOR” - 1:5
Gollar: Zuxra Berdieva (12) - Lyudmila Karachik (23), Mahliyo Sariqova (45), Nasiba Tursunova (55), Saida Galimova (82, 84)

“ShO‘RTAN” – “LOKOMOTIV” - 1:3
Gollar: Dinora Meylieva (7) - Laylo Tosheva (51), Dildora Ergasheva (53), Kamola Berdieva (57)

AGMK – “METALLURG” - 0:2
Gollar: Shoira Qulto‘raeva (44), Nozima Kamoltoeva (87)

“SO‘G‘DIYoNA” – “SEVINCh” - 0:0. Penaltilar bo‘yicha - 1:4

O‘zbekiston kubogi. Yarim final

17 oktabr (shanba)

“BUNYoDKOR” – “METALLURG”

“SEVINCh” – “LOKOMOTIV”

429
Oybek YuNUSOV, O‘zA