O‘zA O`zbek

12.10.2018 14:14 Chop etish versiyasi

AYOLLAR FUTBOLI: Superligada hamon “Sevinch” peshqadam

AYOLLAR FUTBOLI: Superligada hamon “Sevinch” peshqadam

Chempionat yakunlanishiga toʻrt tur qoldi, chempion kim boʻlishi esa hali mutlaqo nomaʼlum.

Ayollar futboli boʻyicha mamlakat Superligasining 24-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Bunda nafaqat turning yoki chempionatning, balki ayollar chempionati tarixida oʻziga xos rekordlar oʻrnatildi.

Avvallari faqat “Sevinch” jamoasigina bir mavsumda raqiblar darvozasini ishgʻol etish boʻyicha yuzlik dovonini oshardi. Bu yil esa bunday baxtga bir emas uchta jamoa sazovor boʻlib turibdi. Oʻtgan turda yuzlikka yaqinlashgan “Bunyodkor” va “Metallurg” jamoalari bu turda raqiblar darvozasini bir necha toʻplar bilan nishonga olib, yuzlik dovonini zabt etib qoʻyishdi. Aytaylik, “Metallurg” jamoasi oʻz maydonida “Qizilqum”ni qabul qildi va javobsiz oʻn bitta gol bilan mehmonlarni “siyladi”. Raqib darvozasini toʻrt marotaba nishonga olgan Dildora Nozimova toʻpurarlar bahsida ikkinchi oʻrinda borayotgan “Sevinch” vakilasi Gulzoda Amirovaning maydonga tushmaganligidan foydalanib (“Sevinch” bu turda dam olgandi), toʻpurarlar bahsida ikkinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Shu tariqa “Metallurg” chempionatdagi gollari sonini 104taga yetkazib oldi.

“Bunyodkor”ning mazkur turda oʻz maydonida “Buxoro” darvozasiga urgan yettita goli evaziga umumiy gollari sonini 103taga yetkazib oldi. 

Turning eng qiziqarli oʻyini Fargʻonada kechdi. Ayniqsa ikkinchi davra oʻyinlarini koʻtarinki ruhda oʻtkazayotgan fargʻonaliklar olmaliqliklarga qarshi ham astoydil harakat qilishdi. Aslida mezbonlar to soʻnggi daqiqalargacha hisobda oldinda borishdi, uch ochkoli yutuq qoʻlga kiritildi deb turgan laxzalarda mehmonlar kutilmaganda gol urishib, hisobni tenglashtirib qoʻyishdi. Namanganning Toʻraqoʻrgʻonidagi oʻyin ham qiziqarli kechdi. Mehmon “Paxtakor”ni “Yoshlik” stadionida qabul qilgan “Navbahor” haqqoniy belgilangan penalti evaziga magʻlub boʻldi. Vaholanki, maydon egalari ham penalti tepish huquqiga ega boʻlishgandi, biroq uni amalga oshira olishmadi, uchrashuvning soʻnggi daqiqalarida esa raqib darvozasi jarima maydoniga “yotib olishdi”, ammo darvozani nishonga olishning uddasidan chiqa olishmadi...

24-tur.

“NЕFTCHI” - AGMK - 1:1
Gollar: Umida Umarova (32) – Dilrabo Asadova (90+3). 

“NAVBAHOR” - “PAXTAKOR” - 0:1
Gol: Madina Hikmatova (22-pen.).

“MЕTALLURG” - “QIZILQUM GULI” - 11:0
Gollar: Mohigul Ikromova (16, 42), Feruza Turdiboyeva (20-pen.), Dildora Nozimova (30, 46, 74, 83), Diyora Xabibullayeva (33, 68), Rushaniya Safina (72), Sitora Muqumova (90). 

“BUNYODKOR” - “BUXORO” - 7:0
Gollar: Maxliyo Sariqova (2, 18), Tojiniso Rashidova (29, 36, 58), Umida Zoirova (75), Mariya Moiseyeva (85). 

“SOʻGʻDIYONA” - “QOʻQON-1912” - 3:0
Gollar: Albina Boboqulova (26), Sitora Taqaboyeva (45), Mahfuza Turopova (49). 

“LOKOMOTIV” - “ANDIJANKA” - 4:0
Gollar: Kamola Berdiyeva (15, 18, 78), Jasmina Abdugʻaniyeva (64). 

Shu tariqa “Sevinch” 22 ta oʻyindan keyin 64 ochko toʻplagan holda turnir jadvalida karvonboshiligini davom ettiryapti. “Bunyodkor” qarshiliklardan atigi bir ochkoga ortda qolmoqda, uchinchi oʻrinda borayotgan “Metallurg”da esa 53 ochko mavjud.”Shoʻrtan” 51, AGMK esa 49 ochko bilan bronza medalga daʼvogarlik qilishyapti. “Soʻgʻdiyona” oltinchi oʻrnini ancha mustahkamlab olgan – 40 ochko. Keyingi oʻrinlarda tafovut ancha katta – “Andijanka” va “Paxtakor” 26 ochko bilan yettinchi va sakkizinchi oʻrinlarda borishyapti, “Neftchi” 19, “Lokomotiv” 18, “Navbahor” 17, “Qizilqum” 16, “Buxoro” 11 ochko toʻplagan. Turnir autsayderi “Qoʻqon-1912”da atigi 6 ochko bor xolos.

Chempionat toʻpurarlar karvoniga “Sevinch” aʼzosi Nilufar Qudratova 55ta goli bilan karvonboshilik qilmoqda. “Metallurg” vakili Dildora Nozimovada 33, “Sevinch”ning yana bir hujumchisi Gulzoda Amirova hisobida 31 ta gol bor.

Ayollar chempionatining navbatdagi 25-tur oʻyinlari 6-noyabrda davom etadi.

O'zA
773