O‘zA O`zbek

12.06.2019 21:39 Chop etish versiyasi

AYOLLAR FUTBOLI: “Sevinch” ilk bor ochko yoʻqotdi, yuz foizli natija faqat “Bunyodkor”da saqlanib turibdi

AYOLLAR FUTBOLI: “Sevinch” ilk bor ochko yoʻqotdi, yuz foizli natija faqat “Bunyodkor”da saqlanib turibdi

Har ikkala klub ham birinchi bosqichdagi vazifalarini allaqachon bajarib boʻlishgan, gap ochko yoʻqotmaslikda qolgandi. Bu borada “Bunyodkor”ning “ketmoni uchyapti”.

Ayollar futboli boʻyicha mamlakat chempionati oliy ligasida 11-tur oʻyinlari oʻtkazildi. Eʼtiborli jihati, koʻpkarra chempion va Kubok sohibi Qarshining “Sevinch” jamoasi mavsumdagi ilk ochkosini yoʻqotdi. Vladislav Xan shogirdlari Jizzaxda “Soʻgʻdiyona”ning mehmoni boʻlishdi. Murosasiz, keskin va albatta, asabiy tarzda oʻtgan oʻyinda darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Vaholanki, har ikkala jamoa tomonidan ketma-ket hujumlar, shu hujumga yarasha xavfli vaziyatlar keragicha sodir etildi, biroq toʻplar darvoza chizigʻini kesib oʻtolmadi. Qolaversa, mezbonlar uchrashuvning uchdan ikki qismini bir futbolchi koʻp ustunligida oʻtkazishdi. Qarshiliklar vakili Feruza Boboxoʻjayeva ikkinchi ogohlantirish tufayli 31-daqiqada maydondan chiqarib yuborilgandi. Ammo maydon egalari bundayin imkoniyatdan foydalanib qolishning uddasidan chiqa olmadilar.

Mintaqadagi qiziqarli uchrashuvlarning biri Navoiy shahrida ham kuzatildi. Mezbonlar “Qizilqum” jamoasi Gʻuzorning “Shoʻrtan” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv ahamiyat darajasi boʻyicha boshqalardan baland edi, sababi, gʻolib chiqqan jamoa mintaqadan kuchli toʻrtlik safiga kirar, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini oshirib olardi. Shu nuqtai nazardan ham oʻyin ancha shiddatli kechdi. Buning ustiga ikkala jamoaning oʻzaro hisob-kitobi ham bor edi – birinchi davrada Gʻuzordagi oʻzaro oʻyinda navoiyliklar gʻalaba qozongan, bu gal ularning raqiblaridan munosib oʻch olish maqsadi yuqoriligi sezilib turgandi. “Shoʻrtan” oʻz maqsadiga yeta olmaganiga bor-yoʻgʻi bir-ikki daqiqa pand berdi. Uchrashuvning asosiy vaqti tugagan pallalarda hisob mehmonlar foydasiga ishlab turgandi. Qoʻshib berilgan 5 daqiqaning ikkinchi daqiqasida gʻuzorliklarning ishongan himoyachisi Selima Guguyeva oʻz jarima maydonida raqibiga nisbatan qoʻpol oʻynab, penalti belgilanishiga sabab boʻldi. Mezbonlar esa bunday imkoniyatni boy berishmadi. Hisobni tenglashtirgan navoiyliklar katta musobaqaning final bahsida gʻolib chiqqandek xursandchilik qildi.

Sharqiy mintaqada esa “Bunyodkor” birorta ham ochko yoʻqotmay, yagona peshqadamligini isbotlab turibdi. Bu mintaqada “Gʻarbiy”ga nisbatan kuchli va kuchsiz jamoalar nomi aniqlanib boʻldi. “Bunyodkor”, “Metallurg”, “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari dastlabki vazifalarini ortigʻi bilan bajarishdi – navbatdagi bosqichga chiqib boʻlishdi. Vodiyning barcha vakillari esa endi ligadan tushib ketmaslik uchun tashkil etiladigan bahslarda ishtirok etishadi...

11-turda qayd etilgan natijalar:
“Sharq” mintaqasi

“NEFTCHI” – “PAXTAKOR” - 0:3
Gollar: Durdonaxon Baxtiyorova (9), Dinara Tagirova (55), Lidiya Sema (87).

“BUNYODKOR” – “ANDIJANKA” - 6:0
Gollar: Lyudmila Karachik (3, 33, 71), Tojinisoxon Rashidova (16), Luiza Sadirova (66-pen.), Soliha Husniddinova (70).

“METALLURG” – “NAVBAHOR” - 6:0
Gollar: Dildora Nozimova (2, 5, 30, 75, 79-pen.), Diyora Joʻraboyeva (70).

“Gʻarb” mintaqasi

“QIZILQUM” – “SHOʻRTAN” - 2:2
Gollar: Rushaniya Mazitova (17), Baxtishod Toʻxtayeva (90+2-pen.) – Albina Boboqulova (11), Soʻgʻdiyona Almardonova (30).

“BUXORO” – “DINAMO” - 2:0
Gollar: Zebiniso Mavlonova (18), Zebiniso Gʻaniyeva (85).

AGMK – “SURXON” - 2:0
Gollar: Komila Zaripova (48), Nodira Yoʻldosheva (82).

“SOʻGʻDIYONA” – “SEVINCH” - 0:0

Shu tariqa, “Sharq” mintaqasida “Bunyodkor” 27 ochko bilan hamon peshqadam. Ikkinchi oʻrinda 22 ochko bilan “Metallurg”, uchinchi oʻrinda esa 18 ochko bilan “Paxtakor” jamoalari borishmoqda. “Lokomotiv” 15 ochko bilan kuchli toʻrtlikni yakunlab bergan. “Andijanka” va “Neftchi” jamoalari 4tadan, “Navbahor” esa atigi 2 ochkoga ega.

“Gʻarb” mintaqasida quyidagicha koʻrinish: “Sevinch” 31 ochko, “Soʻgʻdiyona” 28, AGMK 24, “shoʻrtan” va “Qizilqum” 16tadan, “Buxoro” 9, “Dinamo2 4, “Surxon” 1 ochko.

Navbatdagi tur oʻyinlari 17-19-iyun kunlariga belgilangan.

Oybek YUNUSOV, OʻzA
738