O‘zA O`zbek

10.09.2018 15:17 Chop etish versiyasi

AYOLLAR FUTBOLI: Magʻlub singil gʻolib opasini chindan tabrikladi

AYOLLAR FUTBOLI: Magʻlub singil gʻolib opasini chindan tabrikladi

“Qizilqum” tarkibidagi Amina Shodiyeva “Sevinch” aʼzosi, opasi Laylo Shodiyevani gʻalaba bilan tabrikladi.

Ayollar oʻrtasida mamlakat chempionatining 20-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda eng yirik hisob “Sevinch” va “Shoʻrtan” jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlarda qayd etildi. Qarshiliklar oʻz maydonida “Qizilqum” jamoasi darvozasiga javobsiz yettita gol urgan boʻlsa, gʻuzorliklar buxoroliklar darvozasini olti bor nishonga oldilar. Qizigʻi, “Sevinch”ning yettita golidan oltitasiga chempionat toʻpurarlar karvonini boshqarayotgan Nilufar Qudratova mualliflik qildi.

Turning markaziy oʻyini sifatida “Metallurg” va “Soʻgʻdiyona” jamoalari oʻrtasidagi bahsni misol keltirish mumkin. “Soʻgʻdiyona”ning bosh murabbiyi Sherali Boboqulov sobiq jamoasiga qarshi jiddiy tayyorgarlik koʻrganini murosasiz kechgan uchrashuvda isbotlay oldi. Qolaversa, birinchi davrada bekobodliklar Jizzaxda toʻp surishlariga qaramay maydon egalarini magʻlub etishning uddasidan chiqqan edilar. Demak, bir tomondan mazkur magʻlubiyat uchun revansh olish vazifasi ham turgandi. Oʻyin haqiqatdan ham shiddatli oʻtdi, xavfli vaziyatlar har ikkala tomondan ham bir necha bor takrorlandi. Ammo toʻp darvozaga kirmadi. Nursiz durangni jizzaxliklar gʻalabadek qabul qilgan boʻlsalar, maydon egalari uchun magʻlubiyatdek gap boʻldi. Fargʻona viloyati derbisida “Neftchi” oʻz uyida “Qoʻqon-1912”ni qabul qildi va yirik hisobda (3:0) zafar quchdi. Vodiy derbisi maqomini olgan “Navbahor” va “Andijanka” jamoalari uchrashuvida Orif Mamatkazin ustozligidagi andijonliklarga omad kulib boqdi – 1:2. Poytaxt derbisida esa “Lokomotiv” “safarda” “Bunyodkor”ga 1:4 hisobida yengildi.

Avvalgi turda “Shoʻrtan” va “Qizilqum” jamoalari uchrashuvi chogʻida “Shoʻrtan” aʼzosi Uldona Toʻxtayeva yarim sportcha va yarim kelin kiyimida maydonga tushish oldidan jamoadoshlari, raqiblari va stadionga yigʻilgan tomoshabinlarga oʻzbek urf-odatiga koʻra kelin salomi tadbirini uyushtirgan voqeasi ancha-muncha shov-shuvlarga (ijobiy albatta) sabab boʻlgandi. “Sevinch” – “Qizilqum” uchrashuvida ham bundan kam boʻlmagan voqes sodir boʻldi. Yuqorida aytganimizdek, “Sevinch” “Qizilqum”ni yirik hisobda yengdi. Oʻyindan keyin “Qizilqum” jamoasi tarkibida 17-raqamda harakat qiluvchi Amina Shodiyeva “Sevinch”da oʻynovchi, 27-raqamda toʻp suruvchi opasi Laylo Shodiyevaning oldiga kelib uni gʻalaba bilan tabrikladi. Aslida oddiy voqea. Futbolda aka-uka yohud opa-singillar kammi deyishingiz mumkin. Lekin bu opa-singillar, umuman, bu oila boshqalardan keskin farq qiladi. Nimasi bilan deysizmi, unda eshiting. Ilhom aka va Vasila opalar oilasida yetti farzand dunyoga kelgan. Ilhom aka asli gʻallakor, lalmi yerlarda gʻalla va tarvuz-qovun yetishtiradi – fermer. Lekin uning qonida sportga qiziqish bor. Asli Qashqadaryoning Chiroqchisidan boʻlsa-da, Jizzax, Samarqand, Toshkent hududlaridagi yirik uloq va koʻpkari tadbirlarida ishtirok etib, qator sovrinlarni qoʻlga kiritgan, “Ilhom polvon” deya nom qozongan. Oʻzi chavandoz boʻlsa-da, boksni juda sevadi. Paytini poylab Muhammadqodir Abdullayev bilan ham doʻstlashib olgan.

“Oʻgʻil koʻrsam ismini Muhammadqodir qoʻyaman, sizga shogirdlikka beraman”, deya mashhur bokschi bilan kelishib ham qoʻygan. Biroq xudoyim ketma-ket qiz farzand beraverdi. Toʻngʻich qizi Shaxrizodaga xoʻp urindi, biroq unda sportga qiziqishni sezmadi, shunday boʻlsada, ulgʻaygach Shaxrizoda Chiroqchidagi ped.kollejning jismoniy tarbiya fakultetini bitirdi, yaqinda turmushga chiqishga tayyorgarlik koʻryapti. Ikkinchi qizi tugʻilganda esa “oʻgʻil boʻlmasa qiz-da”, deya unga yaxshi niyatlar bilan mashhur ayol bokschi Laylo Alining ismini qoʻydi. Biroz ulgʻaygach Chiroqchidagi BOʻSMning qoʻl jangi toʻgaragiga olib bordi. Harqalay qizining bilagida kuch paydo boʻldi, boksning harakatlarini qilib yurgan edi. Bir kun qizining xovlidagi toʻpni oyoq bilan shunday chiroyli tarzda tepganini koʻrib qoldi va uni yetaklab, soʻrab-surishtirib, ayollar futboliga katta eʼtibor berayotgan “Sevinch” klubiga olib keldi. Bu paytda Layloning yoshi 11 da edi. Shu-shu boʻldiyu, Ilhom aka orada ikki yillik tanaffus bilan birin-ketin tugʻilgan yana toʻrt nafar qizini ham aynan “Sevinch”ga taqdim etdi.

O. Yunusov, O'zA
2 165