O‘zA O`zbek

12.08.2018 22:17 Chop etish versiyasi

AYOLLAR FUTBOLI: Ikkinchi davra boshlandi, “Sevinch”da hanuz mag‘lubiyat yo‘q

AYOLLAR FUTBOLI: Ikkinchi davra boshlandi, “Sevinch”da hanuz mag‘lubiyat yo‘q

Ayollar futboli bo‘yicha mamlakat chempionatining ikkinchi davrasiga ham start berildi. Birinchi davrani birorta ham mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Qarshining “Sevinch” jamoasi ikkinchi davrani ham yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi.

Vladislav Xan shogirdlari poytaxtning “Lokomotiv” jamoasi darvozasiga javobsiz beshta gol yo‘llashdi. Xuddi shunday yirik hisobdagi natija Namanganda ham qayd etildi. Faqat bu yerda Qarshidan farqli o‘laroq mehmonlar zafar quchishdi. Chempionlikka da’vogarlardan biri “Metallurg” klubi vakillari “Navbahor” jamoasi bilan birga ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekistonning 19 yoshlilar terma jamoasiga ham ustozlik qilayotgan Karima Yo‘ldosheva shogirdlarini ayab o‘tirishmadi – raqiblar darvozasini to‘rt bor nishonga olishdi va bir bora o‘z darvozalaridan gol o‘tkazib yuborishdi. 

Bosh sovrin uchun kurashayotgan uchinchi jamoa – “Bunyodkor” qayd etgan natija esa turning rekordi hisoblandi. Elmira G‘ulomova bosh murabbiyligidagi jamoa safarda to‘p surishlariga qaramay farg‘onaliklar darvozasiga naqb yettita to‘p yo‘llashdi, o‘z darvozalari daxlsizligini esa saqlab qolishdi. “Qizilqum” jamoasi o‘z hisobidagi ikkinchi, safardagi esa birinchi g‘alabasiga “Buxoro” jamoasi ustidan erishdi. 

Turning qiziqarli uchrashuvlaridan biri G‘uzor shahrida kechdi. O‘z maydonida Sherali Boboqulov ustozligidagi “So‘g‘diyona” jamoasini qabul qilgan Odil Ahmedov shogirdlari uchrashuvning dastlabki daqiqalaridanoq o‘z darvozalaridan ikkita gol o‘tkazib yuborishdi. Keyingi daqiqalarda esa hisob bitta farqi bilan quvlashmochoq tarzda kechdi. “Sho‘rtan” yaqinlashaverdi, “So‘g‘diyona” esa uzoqlashdan charchamadi. Yakunda mehmonlarning qo‘li baland keldi. Lekin o‘yindan keyin mezbon jamoa rahbarlari uchrashuv qaydnomasiga o‘z e’tirozlarini yozishdi. Gap shundaki, “So‘g‘diyona” tarkibida oldingi o‘yinda qizil kartochka olgan o‘yinchi maydonga tushganligi aniqlandi. Endi bu bo‘yicha O‘zPFLning maxsus yig‘ilishi bo‘ladi va yakuniy qaror e’lon qilinadi. E’tiroz o‘rinli deb topilsa, jizzaxliklarga texnik mag‘lubiyat, g‘uzorliklarga esa texnik g‘alaba yoziladi...

Ikkinchi davra. 15-tur.

“BUXORO” – “QIZILQUM” – 0:2 
Gollar:F.Farmonova (14), R.Mazitova (82).

“PAXTAKOR” – “QO‘QON-1912” – 2:1 
Gollar: M.G‘afforova (58), R.Asqarova (62) – G.Yusupova (10).

AGMK – “ANDIJANKA” – 2:0 
Gollar: O.Tojiboyeva (85), K.Zaripova (90+4).

“SHO‘RTAN” – “SO‘G‘DIYONA” – 3:4 
Gollar: U.To‘xtayeva (15), Z.Jo‘rayeva (67), S.Ro‘ziyeva (81-pen.) – A.Boboqulova (4, 5), A.Norova (57), L.Hamidova (68).

“SЕVINCH” – “LOKOMOTIV” – 5:0 
Gollar: N.Qudratova (27, 35), M.Panjiyeva (20, 47), G.Amirova (69).

“NAVBAHOR” – “MЕTALLURG” – 1:4 
Gollar: Ch.Dehqonova (81) – D.Nozimova (14, 68), D.Xabibullayeva (39, 54).

“NЕFTCHI” – “BUNYODKOR” – 0:7 
Gollar: M.Sariqova (45, 56, 75), M.Kosnikova (62), L.Sadirova (67-pen., 77-pen.), U.Zoirova (79).
Ayni paytda turnir peshqadami “Sevinch”da 40 ochko bor. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda borayotgan “Bunyodkor” 39 ochko, “Metallurg” esa 34 ochko to‘plagan. Chempionat autsayderlari “Qizilqum”da 7, “Qo‘qon-1912”da esa 3 ochko mavjud.

O. Yunusov, O‘zA
2 456