O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 10:18 Chop etish versiyasi

Ayollar futboli: Futbol maydonida kelin salom

Ayollar futboli: Futbol maydonida kelin salom

Ha, aynan shunday voqea Gʻuzor shahrida, “Shoʻrtan” – “Qizilqum” uchrashuvida roʻy berdi.

Kecha ayollar futboli boʻyicha mamlakat chempionatining 19-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Turning eng muhim, kutilmagan voqeasi esa Gʻuzor shahrida yuz berdi. Oʻzbek futboli tarixida ilk bor maydonda, ikki jamoa oʻyini oldidan shu oʻyinda maydonga tushishi lozim boʻlgan futbolchi boshida milliy kiyim doʻppi va roʻmol bilan toʻy marosimi kuylari ostida avval oʻz jamoadoshlariga, keyin hakam va mehmon jamoa aʼzolariga, soʻng tribunada oʻtirgan tomoshabinlarga, oxirida esa oʻz murabbiylari va klubi xodimlariga kelin salomini berdi. Uldona Toʻxtayevaning turmushga chiqqaniga bir xafta boʻldi. 29-avgust kuni roʻy bergan nikoh toʻyi kuni uning jamoasi safarda toʻp surishlariga qaramay mamlakatimizning koʻpkarra chempioni “Andijanka” jamoasini magʻlubiyatga uchratib, ushbu yutuqni aynan kelin-kuyovga bagʻishlagan va shu oʻyin tufayli futbolchi qizlar dugonalarining baxt oqshomida ishtirok eta olishmagandi. Dugonalar nomidan klub rahbarlari oʻsha oqshomda Uldonaga baxt-saodat tilashgandi. Bir haftalik kelin maydonga tushishni istadi, buni esa kuyov bola Shaxbozbek ham qoʻllab-quvvatladi. Uldona esa maydonga tushishdan oldin oʻzbek urf-odatlariga rioya qilishni lozim topdi va yuqoridagi voqeaga sabab boʻldi.

Erkaklar oʻrtasida bunday voqealarga guvoh boʻlgan onlarimiz yoʻq emas. “Paxtakor” va milliy terma jamoamizning sobiq oʻyinchisi Shuhrat Maqsudovning nikoh marosimini aynan “Paxtakor” stadionida, maydon markazida oʻtkazganida unga tan bergan edik, mana, ayollarimiz ham har qanday sharoitda oʻzbekona urf-odatlarimizni kanda qilmasliklarini isbotlamoqdalar.

Gʻuzor shahrida oʻziga xos tadbirlar boʻlayotgan bir paytda Qarshida futbolga zid voqealar ham yuz berdi. Chempionat peshqadami, koʻpkarra chempion turnir autsayderlaridan biri “Buxoro”ni qabul qilar ekan, uning darvozasiga gollar shodasini tuhfa etishdi. Oʻz darvozasidan kam emas, naqd oʻn ikkita gol oʻtkazib yuborganidan jahli chiqqan jamoa rahbari Obid Rajabov uchrashuv yakuniga atigi bir daqiqa qolganida kutilmaganda shogirdlarini maydonni tark etishga majbur etdi. Bunga sabab sifatida hakamlarning qarorlari emish. Hisob kichikroq boʻlganda ham tushunsa boʻlardi, oʻn ikkita gol uriladiyu, yana hakam aybdormi? Vaholanki, shu kuni Obid Rajabovning tugʻilgan kuni boʻlgan, uchrashuv masʼullari va mezbon jamoa rahbarlari oʻyin oldidan uni tugʻilgan kuni munosabati bilan tabriklashgan edi. Faqat oʻyin komissarining aralashuvi bilan futbolchilar maydonga qaytishdi va oʻyinni davom ettirishdi.

Turning markaziy uchrashuvi sifatida tilga olingan “Bunyodkor” va “Soʻgʻdiyona” jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda esa Lyudmila Karachikning oʻyin oxirlarida kiritgan yagona goli poytaxtliklarning gʻalabasini taʼminladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bu turda turnir jadvalining kuchli beshligida borayotgan barcha jamoalar zafar quchishdi va mavqelarini yanada mustahkamlashdi. Kuchli beshlikni esa “Sevinch” (52 ochko), “Bunyodkor” (48), “Shoʻrtan” (45), AGMK (42) hamda “Metallurg” (40) jamoalari tashkil etmoqda. Jadvalning eng quyi pogʻonalarini esa “Buxoro” (10 ochko), “Qizilqum” (10) va “Qoʻqon-1912” (3) jamoalari band etib turishibdi.

Navbatdagi tur oʻyinlari 8-sentabrga belgilangan.


Oybek Yunusov, O'zA